166 nafar o‘zbekistonlik Yaponiyaning «o‘qish + ish» dasturida ishtirok etadi

166 nafar o‘zbekistonlik Yaponiyaning «o‘qish + ish» dasturida ishtirok etadi. Tokio shahrida Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev hamda Yaponiyaning Proud Partners kompaniyasi direktori Suzuki Ryuuji o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi.
Unda Yaponiyada ishlash istagini bildirgan va B – C toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan 200 dan ortiq nomzod qatnashgan tanlov natijalari muhokama qilindi.
Natijalarga ko‘ra, 166 nafar nomzod «o‘qish + ish» dasturida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tomonlar, shuningdek, 2026-yil uchun hamkorlik rejalarini belgilab oldi. Ular orasida o‘qish va ish dasturlari hajmini kengaytirish, nomzodlar tayyorgarligini kuchaytirish hamda Yaponiya mehnat bozori talablariga mos yangi yo‘nalishlarni joriy etish masalalari bor.
Dastur doirasida o‘qish muddati 6 – 8 oy etib belgilangan bo‘lib, mashg‘ulotlar 2026-yil fevral oyida boshlanishi rejalashtirilmoqda. Nomzodlar yapon tilini chuqur o‘rganadi va tanlangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi. O‘qish bepul bo‘lib, uzoq hududlardan kelganlar yotoqxona bilan ta’minlanadi. Ta’lim yakunlangach ishtirokchilar Yaponiyada rasmiy ish faoliyatini boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyadagi 31 nafar o‘zbekistonlik talabaga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy jazo bekor qilingandi. Unga ko‘ra, Rossiyaning «Iqtisod oliy maktabi» milliy tadqiqot universiteti ma’muriyati talabalarning migratsiya hisobiga turish muddatini uzaytirish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmagan. Buning oqibatida talabalar Rossiya hududida 90 kundan ortiq noqonuniy qolib ketgan deb hisoblanib, ularga 40 ming rubl miqdorida jarima solish talab qilingan edi.