
2025-yil avtomobil sanoati uchun yangi texnologiyalar sinovdan o‘tkazilgan, noodatiy transport vositalari namoyish etilgan yil bo‘ldi. Yirik kompaniyalar g‘ayrioddiy dizayn, ilg‘or funksiyalar va sun’iy intellektga tayangan boshqaruv tizimlarini joriy etdi. Ushbu modellarning ayrimlari uchadi, suvda suzadi, avtonom boshqaruv bilan yo‘lovchi tashiydi yoki turli konfiguratsiyalarda transformatsiyalanadi. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida 2025-yilda taqdim etilgan noodatiy avtomobillar va ularning texnik imkoniyatlariga umumiy sharh beriladi.
Mundarija:
Xpeng AeroHT Land Aircraft Carrier
Alef Model A – uchuvchi elektromobil (AQSh)

Kaliforniyada tashkil etilgan Alef Aeronautics kompaniyasi 2025-yil fevral oyida Santa-Klarada o‘tkazilgan Silicon Valley avtosalonida birinchi haqiqiy uchuvchi elektromobil konseptini namoyish etdi.
Ikki o‘rinli Model A past tezlikda oddiy yo‘llarda harakatlanadi, zarurat tug‘ilganda vertikal uchib havoga ko‘tariladi. Taxminiy narxi $300 ming atrofida bo‘lib, 2025-yil oxiridan ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Kompaniyaga 3 mingdan ortiq buyurtma kelib tushgani va AQSh Federal aviatsiya ma’muriyatidan eksperimental uchish ruxsati olingani ushbu texnologiyaning real bozorga yaqinlashayotganidan darak beradi. Shahar tirbandliklaridan xoli harakatlanish g‘oyasi «shaxsiy havo avtomobili» konseptiga qadam bo‘ldi.
Xpeng AeroHT Land Aircraft Carrier – modulli uchuvchi avtomobil (Xitoy)

Xitoyning Xpeng kompaniyasi Las-Vegasdagi CES 2025 ko‘rgazmasida noyob yer-havo gibrid transportini namoyish qildi.
Modul ikki qismdan iborat: olti g‘ildirakli elektr furgon va uning yukxonasiga joylashadigan ikki o‘rinli eVTOL dron kapsulasi. Yerdagi mashina elektromobil sifatida yuradi, uchish zarur bo‘lganda dron ajralib, vertikal balandlikka ko‘tariladi.
Komponentlarning ushbu ajraluvchanligi aerodromsiz parvoz qilish imkonini yaratadi. 3000 ga yaqin buyurtma qabul qilingan bo‘lib, kompaniya 2026-yildan ishlab chiqarishni boshlashni mo‘ljallagan.
Jetour G900 – suvda suza oladigan SUV (Xitoy)

Jetour brendining G900 konsepti 2025-yil aprel oyida Auto Shanghai avtosalonida taqdim etildi.
EREV tizimli ushbu SUV’ning eng noodatiy xususiyati — suvda suzish qobiliyatidir. Qurilma 40 daqiqagacha suv yuzida harakatlanishi, soatda 8,5 km atrofida tezlikka chiqishi mumkinligi aytilmoqda.
Korpus IPX8 standarti asosida to‘liq germetik ishlab chiqilgan, suvda harakatni ta’minlovchi turbinali motorlar esa orqa bamper ostiga o‘rnatilgan.
G900 suv o‘tkazmaslik bo‘yicha ilgari sinovdan o‘tgan BYD Yangwang U8 konseptidan bir qadam oldinga o‘tib, aktiv harakatlanishga ega amfibiyaviy transport yaratish g‘oyasini taklif qilmoqda.
Zoox Robotaxi – haydovchisiz elektr taksi (AQSh)

Amazon tomonidan ishlab chiqilgan Zoox robotaksisi 2025-yilda AQSh shaharlarida xizmat sinovlarini kengaytirdi.
Kvadrat kapsula shaklidagi korpus, rul va an’anaviy boshqaruvning yo‘qligi, qarama-qarshi joylashgan to‘rt o‘rindiq va har bir yo‘lovchi uchun alohida boshqaruv paneli — avtomobilning bosh farqlaridan.
Sun’iy intellekt, lidarlar va mustaqil boshqaruv tizimi shahar qoidalariga rioya qilgan holda xavfsiz harakatlanishni ta’minlaydi. Las-Vegas va San-Fransisko ko‘chalarida real yo‘lovchilar tashish boshlangani robotaksining amaliyotga yaqinlashganini ko‘rsatadi.
Italdesign Quintessenza – futuristik GT-pikap konsepti (Italiya)

Italdesign studiyasi CES 2025 ko‘rgazmasida futuristik GT-pikap konseptini taqdim etdi.
Quintessenza sportkar dizaynini pikap funksionalligi bilan birlashtiradi: uzun kapot, past profil, lekin kichik yukxonaga ega. Yuqori klirens, off-road shinamlari va tri-motor elektr uzatmalar tizimi 777 ot kuchiga teng bo‘lgan quvvat ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Noodatiy ochiluvchi eshiklar va bir butun salondagi o‘rindiqlar futuristik yondashuvni kuchaytiradi. Konsept ekologik materiallardan foydalanilgan holda ishlab chiqilgan.
Kursiv Uzbekistan nashri dunyodagi noodatiy avtomobillar haqida yozgan edi.