
21-dekabr kuni soat 11:00 atrofida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi buyum bozorida savdo rastasi qulab tushdi. Oqibatda bir nafar tadbirkor tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda tuman hokimligi xabar berdi.
Hokimlik tomonidan tuzilgan tezkor ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, mazkur rasta tadbirkor tomonidan qo‘lbola usulda yasalgan bo‘lib, xavfsizlik talablariga javob bermagan. Konstruksiyaning yuqori qismiga haddan tashqari ko‘p va og‘ir qishki kiyimlar ilingani sababli u yukni ko‘tara olmay qulagan.
Hodisa natijasida ushbu texnik xatolarga yo‘l qo‘ygan tadbirkorning o‘zi jarohatlangan. Unga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan, hozirda bemorning ahvoli yaxshi ekani ma’lum qilindi. Rasmiy bayonotda boshqa jabrlanuvchilar aniqlanmagani va holat bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etayotgani ta’kidlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gulistondagi ovqatlanish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.