
AQShda Tramp ma’muriyati noqonuniy migrantlarga o‘z ixtiyori bilan deportatsiya qilinish evaziga beriladigan stipendiyani uch baravar oshirib, $3 ming etib belgiladi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu yordam AQShda noqonuniy yashayotgan va yil oxirigacha mamlakatni tark etishga rozi bo‘lgan shaxslarga beriladi va uyga parvoz xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi.
Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) kotibi Kristi Noemning bayonot qilishicha, migrantlar bu imkoniyatdan foydalanishlari lozim, aks holda ular topib hibsga olinadi va AQShga qayta kirish imkoniyati berilmaydi. Ma’muriyat mart oyida CBP Home ilovasini ishga tushirgan bo‘lib, bu ilova orqali migrantlar o‘zini deportatsiya qilish jarayonini oson amalga oshirishi mumkin.
DHS ma’lumotiga ko‘ra, noqonuniy shaxsni hibsga olish, ushlab turish va deportatsiya qilishning o‘rtacha xarajati taxminan $17 mingni tashkil qiladi. Tramp ma’muriyati davridagi immigratsiya nazoratini kuchaytirish siyosati ortidan bu yil taxminan 622 ming migrant deportatsiya qilindi.
2026-yilda immigratsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirish rejalashtirilgan. Ma’muriyat bu uchun milliardlab mablag‘ ajratadi, minglab yangi immigratsiya agentlarini ishga qabul qiladi, yangi hibsxonalarni ochadi, Shuningdek, noqonuniy yashayotgan shaxslarni aniqlash uchun tashqi kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Braun universitetidagi voqea ortidan Green Card dasturini to‘xtatgan edi.