«Avatar: Olov va Kul» filmi 345 mln dollar jamg‘ardi

Jeyms Kemeronning «Avatar» franshizasining uchinchi qismi bo‘lgan «Olov va Kul» (Fire and Ash) filmi AQShda premyera dam olish kunlarida $88 mln to‘pladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Film xalqaro prokatda $257 mln ishlab, umumiy dunyo bo‘yicha tushumini $345 mlnga yetkazdi. Comscore tahlilchisi Pol Dergarabedyanning ta’kidlashicha, film bayram kunlari va yanvar oyida ham tomoshabinlar e’tiborida qolishi kutilmoqda. Kartinaning budjeti qariyb $400 mlnni tashkil etadi va franshizaning to‘rtinchi qismi taqdiri aynan ushbu filmning moliyaviy muvaffaqiyatiga bog‘liq.

AQSh kinoprokatlari hali pandemiyadan oldingi darajaga to‘liq qaytgani yo‘q va joriy yilgi tushumlar 2019-yilga nisbatan 22,5 foizga kam. Rejissyor Jeyms Kemeron kinoteatrlar madaniyati haqida gapirar ekan:
«Kinoteatr men uchun muqaddas maskan, u hech qachon yo‘qolmaydi, ammo iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamay qolish xavfi mavjud», — deya ta’kidladi.
Dam olish kunlari reytingida ikkinchi o‘rinni $22 mln tushum bilan «David» animatsion filmi egalladi. Uchinchi pog‘onadan esa $19 mln ishlagan «The Housemaid» trilleri joy oldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Avatar: Olov va Kul» filmi premyera oldidan tanqidlarga uchragani haqida xabar bergan edi.