Chevrolet Tahoe 2025-yilning eng yaxshi yo‘ltanlamas modeli bo‘ldi, Toshkentda firibgar advokatga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi — 22-dekabrning muhim hodisalari

Chevrolet Tahoe 2025-yilning eng yaxshi yo‘ltanlamas modeli bo‘ldi, Toshkentda firibgar advokatga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi — 22-dekabrning muhim hodisalari Kursiv Uzbekistan Uzbekistan dayjestida.
Toshkentda firibgar advokatga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlar hay’atining ilgari sudlangan advokati firibgarlik yo‘li bilan $2 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, advokat Shayxontohur tumani IIO FMB TB ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha dastlabki tergov jarayonida gumonlanuvchiga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanmaslik masalasini mansabdor tanishlari orqali hal etib berishni va’da qilgan.
Chevrolet Tahoe 2025-yilning eng yaxshi yo‘ltanlamas modeli bo‘ldi
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Chevrolet Tahoe yilning eng yaxshi to‘liq o‘lchamli yo‘ltanlamasi deb topildi. Bu haqda J.D. Power tashkilotining tadqiqotlari Speedme.ru nashrida e’lon qilindi.
Model 100 ballik tizimda 83 ball to‘plab, Ford, GMC, Jeep va Toyota kabi yirik raqobatchilarni ortda qoldirdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilar Jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Turkiyada yakunlangan shaxmat bo‘yicha Jahon chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Sport vazirligi xabar berdi.
16 – 21-dekabr kunlari Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan musobaqada o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilar jami 12 ta medalni qo‘lga kiritib, eng yaxshi natijani qayd etdi. Chempionatda dunyoning turli burchaklaridan kelgan 9 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar rapid va blits yo‘nalishlarida bahs olib bordi.
«Avatar: Olov va Kul» filmi 345 mln dollar jamg‘ardi

Jeyms Kemeronning «Avatar» franshizasining uchinchi qismi bo‘lgan «Olov va Kul» (Fire and Ash) filmi AQShda premyera dam olish kunlarida $88 mln to‘pladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Film xalqaro prokatda $257 mln ishlab, umumiy dunyo bo‘yicha tushumini $345 mlnga yetkazdi. Comscore tahlilchisi Pol Dergarabedyanning ta’kidlashicha, film bayram kunlari va yanvar oyida ham tomoshabinlar e’tiborida qolishi kutilmoqda. Kartinaning budjeti qariyb $400 mlnni tashkil etadi va franshizaning to‘rtinchi qismi taqdiri aynan ushbu filmning moliyaviy muvaffaqiyatiga bog‘liq.
Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xon va uning rafiqasi 17 yilga qamaldi

Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibi 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Pokiston sudi ularni korrupsiyada aybdor deb topdi. Bu juftlik Xon hokimiyat tepasida bo‘lgan paytda Saudiya hukumatidan sovg‘alarni, jumladan, zargarlik buyumlarini bozor qiymatidan ancha past narxlarda sotib olganlikda ayblanmoqda. Prokurorlarning so‘zlariga ko‘ra, Xon va uning rafiqasi sovg‘alarning qiymatini 8500 yevrodan sal ko‘proq deb e’lon qilgan, bu ularning haqiqiy bozor qiymatidan (244 700 yevro) ancha past, bu esa ularga buyumlarni chegirma bilan sotib olish imkonini bergan.
O‘zbekiston va Rossiya JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

21-dekabr kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanib, tegishli protokol imzolandi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Hujjat prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga amaliy tashrifi chog‘ida tasdiqlandi. Protokolni Rossiya tomonidan Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov imzolagan. Azizbek Urunov muzokaralar davomiy va mazmunli o‘tganini ta’kidlab, Rossiya tomoniga jarayondagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.
OFK Millatlar ligasi musobaqasini joriy etishni rejalashtirmoqda

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) qit’ada milliy terma jamoalar uchun yangi musobaqa Millatlar ligasi (AFC Nations League)ni tashkil etish rejasini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yangi musobaqa FIFA kunlarida muntazam o‘yinlar o‘tkazilishini ta’minlash orqali milliy terma jamoalarning raqib topishdagi qiyinchiliklarini bartaraf etishga xizmat qiladi. Tashkilotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu tizim logistika muammolarini yengillashtiradi va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi.
Putin Mirziyoyev, Japarov va Rahmonni mukofotladi

Rossiyaga amaliy tashrif doirasida Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov va Tojikiston yetakchisi Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent — Qozon temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yildi

21-dekabr kuni Toshkent – Qozon – Toshkent yo‘nalishida muntazam temir yo‘l qatnovi boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, poyezd Toshkent Markaziy vokzalidan ilk marotaba safarga jo‘nadi. Mazkur reyslar 315 va 316 raqamli yo‘lovchi poyezdlar orqali amalga oshiriladi. Ular haftasiga bir martadan qatnaydi.
Qozog‘istonda 54 yillik harorat rekordi yangilandi
2025-yilning noyabr oyida Qozog‘istonning aksariyat hududlarida anomal iliq ob-havo kuzatildi. «Kazgidromet» sinoptiklari ma’lumotiga ko‘ra, bir qator shaharlarda havo harorati rekordlarni yangilagan. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.
Keskin isish, ayniqsa, oyning ikkinchi yarmida sezilarli bo‘ldi. Xususan, Qarag‘anda shahrida 26-noyabr kuni havo harorati +9,4 darajaga yetib, 1971-yilda o‘rnatilgan rekordni yangiladi. Jezqazg‘anda esa ketma-ket uch kun (24 – 26-noyabr) davomida harorat +10,3 dan +13,3 darajagacha ko‘tarilib, avvalgi yillardagi maksimumlardan o‘zib ketdi. Shuningdek, Ko‘kshetovda 1977-yilgi, Aqtobeda esa 2001-yilgi rekord ko‘rsatkichlar yangilangan.
O‘zbekistonda tabiiy gaz va neft qazib olish kamaydi

2025-yilning dastlabki 11 oyi mobaynida O‘zbekistonda yirik sanoat korxonalari tomonidan tabiiy gaz va neft ishlab chiqarish hajmi qisqardi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 22-dekabr kuni e’lon qilingan hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, joriy yilning yanvar – noyabr oylarida 38,9 mlrd kubometr gaz qazib olingan, bu o‘tgan yilning mos davriga (41 mlrd kubometr) taqqoslaganda 5,1 foizga kam. Ammo 2023-yilning dastlabki 11 oyi davomida 2025-yilga qaraganda 10 foizga ko‘p, 2024-yilga nisbatan esa 4,4 foizga ko‘p gaz qazib olingandi (42,8 mlrd kubometr).