Avto

Hyundai Staria avtomobili yangilandi

Restayling, avvalo, ichki makon va texnik jihozlarga qaratilgan
Hyundai Staria avtomobili yangilandi
Foto: Hyundai

Hyundai Janubiy Koreyada yangilangan Hyundai Staria mini-venini rasman taqdim etdi. Bu haqda Auto.ru ma’lum qildi.

Restayling, avvalo, ichki qismi va texnik jihozlarga qaratilgan. Yangi model uchun buyurtmalar qabul qilinmoqda. Yuk yo‘lovchi versiyaning boshlang‘ich narxi 32,59 mln vonni tashkil etadi, bu taxminan $22 mingga teng.

Tashqi dizayndagi o‘zgarishlar ehtiyotkorona amalga oshirilgan. Old optika qayta ishlangan, radiator panjarasi yangilangan, yorug‘lik elementlari zamonaviylashtirilgan. Ammo asosiy e’tibor salonni takomillashtirishga qaratilgan.

Konsol panelining tuzilishi o‘zgargan, jismoniy tugmalar soni oshirilgan. Versiyaga qarab, uzatmalar qutisi selektori markaziy tunnelda yoki rul yonidagi podrulevoy kalitga ko‘chirilgan.

Multimedia tizimida ham yangiliklar bor. Endi barcha versiyalar 12,3 dyuymli sensorli ekranga ega. Oldingi modifikatsiyalarda ekran diagonali 10,4 dyuym edi.

Muhim yangilanishlardan yana biri – shovqinni kamaytirish va yurish qismidagi texnik yaxshilanishlar. Muhandislar amortizatorlarni qayta sozladi, podramnik mahkamlagichlarini mustahkamladi, kapot osti va orqa qismda qo‘shimcha shovqin izolyatsiyasi o‘rnatildi. Bu salonning jimligini va yurish qulayligini oshiradi.

Yangi Staria ikkita kuch qurilmasi bilan taklif etiladi. Birinchisi – 1,6 litrli motor asosidagi 180 ot kuchiga ega gibrid tizim. Ikkinchi variant – 3,5 litrli bitoplivli dvigatel bo‘lib, 240 ot kuchini ishlab chiqaradi. Bu kombinatsiya mini-ven segmentida Staria’ning raqobatbardoshligini oshirishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hyundai Sonata to‘qqizinchi avlodini retro-futuristik dizaynda taqdim etishi haqida yozgan edi.