
DirectorFeng taxallusi bilan tanilgan muallif iPhone 16 Pro Max smartfonining avtonom ishlash vaqtini yaxshilash usulini namoyish qildi. Videoda u Apple’ning o‘tgan yilgi flagmaniga sig‘imi kattaroq akkumulyator o‘rnatish jarayonini bosqichma-bosqich ko‘rsatdi.
Bunda standart 4685 mA/soatli batareya o‘rniga qurilmaga 5142 mA/soat sig‘imga ega uchinchi tomon akkumulyatori o‘rnatildi. Bu deyarli 9,8 foizga ko‘proq bo‘lib, hatto faqat eSIM’li iPhone 17 Pro Max’dagi 5088 mA/soatli batareyadan ham yuqori. Yangi batareya o‘lchami va og‘irligi jihatidan deyarli farq qilmagani sababli, u smartfon korpusiga muammosiz joylashgan.
Qurilma yig‘ilgach bir necha marta zaryadlab-tushirish sinovlaridan o‘tkazildi va tizim akkumulyator holatini 100 foiz deb ko‘rsatdi (avvalgi batareyada bu ko‘rsatkich 92 foiz edi). Yangi akkumulyator SEFU kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, u smartfonlar uchun litiy-ion batareyalar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan. Bunday o‘zgartirish uzoq muddatda qanchalik ishonchli bo‘lishi hozircha noma’lum, biroq muallif kelajakda qo‘shimcha testlar o‘tkazishga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilning eng uzoq ishlaydigan smartfonlari: batareyasi kuchli modellar haqida ma’lumot berilgandi. Tom’s Guide nashri bir qator smartfonlarni sinovdan o‘tkazib, kuchli batareyaga ega modellarni saraladi. Sinov natijalariga ko‘ra, oddiy smartfon o‘rtacha 11 soat ishlaydi. Ushbu ro‘yxatga kirish uchun esa kamida 16 soatga yaqin natija ko‘rsatish talab etilgan.
![[ASMR] iPhone 16 Pro Max 5000+ mAh Battery Swap: Can It Beat iPhone 17 Pro Max’s Battery Life?](https://i.ytimg.com/vi/6biN90NuUxk/hqdefault.jpg)