
Kambodja va Tailand mudofaa idoralari vakillari 24-dekabr kuni sulh masalasini muhokama qilish uchun uchrashadi. Bu haqda Tailand Tashqi ishlar vaziri Sihasak Phuangketkeo ma’lumotiga tayanib, Reuters xabar berdi.
Uchrashuv o‘tkazish qarori 22-dekabr kuni Kuala-Lumpurda kechgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qabul qilingan.
Sihasakning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Xitoy muzokaralar o‘tkazish qarorida ishtirok etmagan. Tailand va Kambodja o‘zaro kelishuv orqali kelishmovchiliklarni hal etishga qaror qilgan.
Dekabr boshida Bangkok va Pnompen o‘rtasidagi chegara mojarosi kuchaygan edi. Ikki hafta davomidagi to‘qnashuvlarda taxminan 80 kishi halok bo‘lgan, 500 ming kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Reuters xabariga ko‘ra, Bangkok va Pnompen bir-birini agressiya va oktabr oyida Donald Tramp ishtirokida kelishilgan kuchaytirilgan o‘q uzishni to‘xtatish rejimini buzishda ayblamoqda. Ushbu kelishuv mina tozalash, qo‘shin va og‘ir qurollarni olib chiqishni nazarda tutgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Tailand va Kambodjani harbiy harakatlarni to‘xtatmasa, yangi bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan edi.