Kun tarixi: Ilk rentgen surati, SpaceX’ning muvaffaqiyati va Chingizxonning o‘g‘li

22-dekabr sanasi fan, siyosat va zamonaviy texnologiyalar olamida olamshumul o‘zgarishlar bilan tarixga kirgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

1183-yili mo‘g‘ullar imperiyasi asoschisi Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxon dunyoga keldi. U otasining vafotidan so‘ng Markaziy Osiyo hududlarini o‘z ichiga olgan Chig‘atoy ulusini boshqargan va mintaqa tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan hukmdor hisoblanadi.

1895-yili nemis fizigi Vilgelm Rentgen o‘z turmush o‘rtog‘ining qo‘lini suratga olish orqali tarixda birinchi rentgenogrammani yaratdi. «Uzuk taqilgan qo‘l» deb nomlangan ushbu surat tibbiyot tashxisida inqilob yasadi va keyinchalik olimga fizika bo‘yicha ilk Nobel mukofotini olib keldi.

1978-yili Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining tarixiy plenumi bo‘lib o‘tdi, unda Den Syaopin tashabbusi bilan «Islohotlar va ochiqlik» siyosati e’lon qilindi. Bu qaror Xitoy iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va mamlakatni jahon bozoriga ochish yo‘lidagi burilish nuqtasi bo‘ldi.

1989-yili qariyb 30 yillik tanaffusdan so‘ng, Berlindagi mashhur Brandenburg darvozasi qayta ochildi. G‘arbiy va Sharqiy Germaniya o‘rtasidagi to‘siqlarning olib tashlanishi mamlakat birlashishining va «Sovuq urush» yakunlanishining yorqin ramziga aylandi.

1993-yili portugaliyalik futbolchi, Yevropa chempioni Rafael Gerreyru tavallud topdi. U o‘zining texnik mahorati va universal o‘yin uslubi bilan tanilgan bo‘lib, Yevropaning yetakchi klublari va Portugaliya terma jamoasi safida muhim g‘alabalarga hissa qo‘shgan.

1993-yili amerikalik xonanda va qo‘shiqlar muallifi Megan Treynor dunyoga keldi. U o‘zining «All About That Bass» hiti orqali dunyo miqyosida mashhurlikka erishib, musiqa olamining nufuzli «Gremmi» mukofotini qo‘lga kiritgan.

2015-yili Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi koinotni zabt etish tarixida yangi sahifa ochdi. Falcon 9 raketa tashuvchisining birinchi bosqichi Yerga vertikal holatda muvaffaqiyatli qo‘ndirildi, bu esa parvozlar narxini sezilarli darajada arzonlashtirish imkonini berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 21-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.