
Xitoyning Leapmotor kompaniyasi Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytirishni rejalashtirib, Brussels Motor Show 2026 ko‘rgazmasida bir yo‘la uchta muhim yangilikni taqdim etishini e’lon qildi. Bu haqda Speedme.ru nashri ma’lum qildi.
Gap elektr krossover B03X, xetchbek B05 hamda B10 Hybrid EV modeli haqida bormoqda.
Ko‘rgazmada Leapmotor’ning B03X modeli Yevropa uchun ilk bor namoyish etiladi. Ushbu avtomobil B-segmentga mansub to‘liq elektr krossover bo‘lib, yangi global platforma asosida yaratilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilning uzunligi 4,2 metrga yaqin, eni 1,8 metr, balandligi esa taxminan 1,6 metrni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2,6 metrdan oshishi kutilmoqda, bu esa ixcham o‘lchamlarga qaramay, salonning keng bo‘lishini ta’minlaydi.
Leapmotor B03X aerodinamikaga alohida e’tibor qaratgan: havo qarshilik koeffitsiyenti taxminan 0,26. Model yarim yashirin eshik tutqichlari, «suzib turgandek» tom dizayni, LED yoritish tizimi va 18 dyuymli g‘ildiraklar bilan jihozlanadi. Shuningdek, zamonaviy haydovchiga yordam beruvchi tizimlar va turli komplektatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan modulli arxitektura ham taklif etiladi.
Ikkinchi yangilik – B05 xetchbeki bo‘lib, Bryusselda uning ichki dizayni ilk bor namoyish qilinadi. Kompaniya bu model orqali ham Yevropa auditoriyasini jalb qilishni maqsad qilgan.
Eng katta e’tibor esa B10 Hybrid EV modeliga qaratilmoqda. U REEV (Range Extended Electric Vehicle) texnologiyasiga ega. Ushbu tizimda benzin dvigateli g‘ildiraklarni bevosita harakatga keltirmaydi, balki generator sifatida ishlaydi va akkumulyatorni quvvatlab turadi. Bu yechim elektromobil qulayligini saqlagan holda, uzoq masofalarda zaryad infratuzilmasiga bog‘liqlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Leapmotor Lafa 5 Ultra avtomobili qachon chiqishi haqida yozgandi.