MDH yetakchilari Sankt-Peterburgda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi

Shavkat Mirziyoyev 22-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Ermitaj» davlat muzeyida boʻlib oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qatnashdi.
Uchrashuvda joriy yilda amalga oshirilgan birgalikdagi ishlar yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar belgilandi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Davlat rahbarlari oʻzaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalar oʻsishini ragʻbatlantirish va kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladilar. Energetika va raqamlashtirishda sheriklikni mustahkamlash, fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida qoʻshma loyihalarni kengaytirish, hududlar oʻrtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Hamdoʻstlik mamlakatlari oʻrtasida madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, yoshlarning ijodiy, innovatsion va intellektual salohiyatini qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Norasmiy uchrashuvning madaniy dasturi doirasida Shavkat Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlari bilan birgalikda «Ermitaj» davlat muzeyiga tashrif buyurdi. Yetakchilar dunyoning eng yirik muzeylaridan biri hisoblangan ushbu maskanda noyob sanʼat asarlari va madaniy yodgorliklar jamlangan ekspozitsiyalar bilan tanishdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Mirziyoyev, Japarov va Rahmonni mukofotlagani haqida xabar bergan edik.





