Avto

Nissan Serena minivenining restayling qilingan yangi modeli namoyish etildi

Nrxi $17,7 mingdan 31,8 minggacha
Nissan Serena minivenining restayling qilingan yangi modeli namoyish etildi / Foto: Nissan

Nissan kompaniyasi Serena minivenining restayling qilingan yangi modelini taqdim etdi. Model Yaponiyada 2026 yil fevral oyining o‘rtalarida sotuvga chiqadi, deya xabar bermoqda Carscoops.

Yangilangan model tashqi ko‘rinishi bilan ajralib turadi: gorizontal panellar o‘rniga vertikal qiyshiq panellar o‘rnatilgan bo‘lib, bu Luxion va Highway Star V versiyalariga xos dizayn hisoblanadi. Rang palitrasiga uchta yangi rang qo‘shilgan.

Foto: Nissan
Foto: Nissan
Foto: Nissan

Texnik yangiliklar orasida NissanConnect multimedia tizimi ajralib turadi. Tizimga Google xizmatlari integratsiya qilingan bo‘lib, haydovchilar Google Maps navigatsiyasi, ovozli yordamchi va Google Play ilova do‘konidan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, tizim derazalar yopilmagan yoki faralar yoqilgan holatlarda smartfonga bildirishnoma yuboradi, Remote Photo Shot funksiyasi orqali esa avtomobil atrofidagi vaziyatni masofadan kuzatish mumkin.

Xavfsizlik va qulaylik tizimlari ham sezilarli yaxshilangan. 360 daraja kuzatuv 3D rejimi va «shaffof kapot» funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, bu old bamper orqasidagi ko‘rinmas zonalarni ko‘rsatadi. e-Pedal Step bir pedal boshqaruv rejimi endi xotiraga ega bo‘lib, dvigatel o‘chirilganda ham sozlamalar saqlanadi. Shuningdek, orqa o‘rindiqda unutib ketilgan narsalar yoki bolalar haqida eslatma tizimi qo‘shilgan.

Foto: Nissan
Foto: Nissan

Avtomobilning asosiy dvigateli 2,0 litrli atmosferik benzin dvigateli bo‘lib, quvvati 150 ot kuchi. Alternativa sifatida 163 ot kuchli e-Power hibrid tizimi mavjud. Har ikkala variant old yoki to‘liq g‘ildirak haydovi bilan taqdim etiladi.

Serena oilasiga ikki maxsus versiya qo‘shilgan. Autech Line dizayni qorong‘i xrom bilan eksklyuziv ko‘rinishga ega. Faol dam olishni yoqtiradiganlar uchun Multi-Box versiyasi ishlab chiqilgan: bu 5 o‘rinli model bo‘lib, yukxona organizeri to‘liq yotoq joyiga aylantirilishi mumkin. Yangilangan Serena narxi 2,78 dan 5 mln yen (taxminan $17,7 mingdan 31,8 minggacha) gacha belgilangan.

Foto: Nissan
Foto: Nissan
Foto: Nissan

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Nissan Teana savdoda 10 mingdan ortiq buyurtmaga erishgani haqida xabar bergan edik.