Jamiyat

Noyabrda O‘zbekistonda nechta mashina sotildi

O‘tgan oyda 2024-yil noyabrga nisbatan 6 foizga ko‘p avtomobil sotib olingan
Foto: e-cis.info

O‘zbekistonda 2025-yilning noyabr oyida sotilgan mashinalar soni o‘tgan yilning noyabr oyiga qaraganda 6 foizga ko‘proqni tashkil qildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, noyabr oyida avtotransport vositalarining barcha toifalari bo‘yicha jami savdolar hajmi 101,1 ming donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga yuqori. Hududlar kesimida barcha yengil avtomobillar savdosi o‘sish sur’ati bo‘yicha Toshkent shahri (33,7%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (8%) yetakchilik qildi.

Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat

Birlamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi yillik hisobda 15 foizga oshdi, bu o‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan taxminan 4,4 ming donaga ko‘pdir. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar segmentida realizatsiya hajmi taxminan 30 ming donani tashkil etib, yillik hisobda 13,6 foizga o‘sdi.

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi esa 5 ming donaga yaqin bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,5 foizga yuqoriga siljish qayd etildi.

Ikkilamchi avtomobil bozori

Ikkilamchi avtomobil bozorida noyabr oyida taxminan 52 mingta foydalanilgan yengil avtomobil realizatsiya qilindi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga kam. Shu bilan birga, poytaxtda foydalanilgan avtomobillar savdosi 1,4 barobarga oshdi va o‘tgan yilning noyabriga nisbatan 3,4 mingtaga ko‘p avtomobil sotildi.

Bundan tashqari, ikkilamchi bozorda elektromobillar realizatsiyasi yillik hisobda 1,8 barobarga o‘sdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan avtokreditlar miqdori 7 foizga o‘sdgani haqida xabar berilgandi.