
Jahon bozorlarida oltin narxi AQShda foiz stavkalari pasaytirilishi kutilmalari fonida tarixiy rekordni yangiladi. 22-dekabr kuni oltinning bir unsiyasi ilk bor $4,4 ming chegarasidan oshib, $4,420 darajasigacha ko‘tarildi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, spot oltin narxi 1,7 foizga oshib, $4,411 dollar atrofida savdo qilindi. Shu bilan birga, kumush ham keskin qimmatlashib, bir unsiyasi $69,44 ga yetdi va mutlaq rekordni qayd etdi. AQShda fevral oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari $4,444 gacha ko‘tarildi.
Joriy yil boshidan buyon oltin qiymati 67 foiz, kumush esa 138 foizga oshdi. Mutaxassislar buni xavfsiz aktivlarga talabning ortishi, geosiyosiy keskinliklar, markaziy banklarning faol xaridlari hamda past foiz stavkalari kutilmalari bilan izohlamoqda. Dollar kursining zaiflashuvi ham qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabni kuchaytirdi.
Bozorlar kelasi yili AQShda kamida ikki marta foiz stavkalari pasaytirilishini kutmoqda. Past foiz muhiti esa daromad keltirmaydigan aktivlar, xususan, oltin uchun qulay sharoit yaratadi.
Shu bilan birga, boshqa qimmatbaho metallar ham o‘sishni ko‘rsatdi. Platina 17 yildan ortiq davrdagi eng yuqori darajaga chiqdi, palladiy esa so‘nggi uch yilga yaqin maksimumni qayd etdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistondan 7,7 kg oltin quymalarning xorijga olib chiqilishiga chek qo‘yilgani haqida yozgandi.