
O‘zbekiston Markaziy banki kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalariga ruxsat berdi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab mamlakat rezidentlari AQShdagi xorijiy kompaniyalar kapitalida ishtirok etish hamda ularning filiallari va sho‘ba tuzilmalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekistondan mablag‘ o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Biroq qaror AQSh fond bozoridagi aksiyalarni erkin sotib olish imkoniyatini bermaydi.
Regulyator aynan nimaga ruxsat berdi
Lex.uz portalida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga o‘zgartirish kiritdi. Xususan, amaldagi nizomning 6-bandiga qo‘shimcha kiritilib, rezidentlar uchun AQSh bilan bog‘liq ayrim investitsiya operatsiyalariga ruxsat berildi.
Qarorda aniq belgilanishicha, O‘zbekiston rezidentlari AQShda joylashgan xorijiy korxonalarning ustav fondini shakllantirish (yoki ularning kapitalida ishtirok etish) maqsadida investitsiya faoliyati doirasida pul mablag‘larini o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Bunday operatsiyalar rezidentlarning O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlaridan amalga oshiriladi.
Shuningdek, hujjatda AQShdagi xorijiy korxonalarning filiallari va sho‘ba tuzilmalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlashga ham ruxsat berilgani qayd etilgan. Bu esa O‘zbekistondan AQShdagi biznes tuzilmalarining operatsion faoliyatini moliyalashtirish imkoniyatini yaratadi.
Mazkur qaror 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Hujjat Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 12-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar — ha, birja aksiyalari — hozircha yo‘q
Kapital Depozit investitsiya kompaniyasi direktori Farrux Xodjayevning fikricha, o‘zgarishlar haqiqatan ham liberal xarakterga ega, biroq ularni investitsiya qilishning to‘liq erkinligi sifatida talqin qilmaslik kerak.
Uning ta’kidlashicha, Markaziy bank AQShga investitsiya kiritayotgan rezidentlar uchun xorijiy kompaniyalarning ulushli kapitalida ishtirok etish hamda ularning filiallarini moliyalashtirish bo‘yicha asosiy cheklovlarni olib tashladi. Shu bilan birga, bu qaror chakana investorlarning Amerika fond bozoriga avtomatik tarzda kirishini anglatmaydi.
Ekspertning qayd etishicha, hujjatning yangi tahririda aynan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar haqida so‘z bormoqda. Shunday investitsiyalar yuridik shaxslar, maxsus loyiha kompaniyalari, xoldinglar yoki sho‘ba tuzilmalar orqali amalga oshiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada regulyatorning pozitsiyasi aniq va huquqiy jihatdan puxta shakllantirilgan.
Biroq jismoniy shaxslar uchun xorijiy brokerlar orqali Apple yoki Tesla aksiyalarini sotib olish hozircha ruxsat etilmagan.
«Aksiyalar yuridik jihatdan kapitalda ishtirok etish shakli bo‘lsa-da, valyuta bozori tartibga solinishida an’anaviy ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfel investitsiyalari farqlanadi. Markaziy bankning hozirgi qarori portfel investitsiyalariga emas, balki aniq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarga tegishli», — deb ta’kidladi ekspert.
Xodjayevga ko‘ra, regulyator bu masalada ehtiyotkor, ammo mantiqiy yo‘lni tanlab, dastlab biznes investitsiyalariga yo‘l ochmoqda, chakana investitsiyalar esa keyingi bosqichda ko‘rib chiqiladi.
Natijada, korporativ tuzilmalar orqali ishlaydigan tadbirkorlar va investorlar sezilarli darajada erkin rejimga ega bo‘ladilar. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Amerika kompaniyalari aksiyalarini sotib olishni kutayotgan xususiy investorlar uchun esa masala ochiqligicha qolmoqda va bu regulyatorning kelgusi qadamlari hamda bank komplayens amaliyotiga bog‘liq bo‘ladi.
Kapital bozori va «tartibga solish qumdoni»
Ta’kidlash joizki, valyuta tartibga solishdagi o‘zgarishlar O‘zbekiston kapital bozorining kelajagi muhokama qilinayotgan bir vaqtda yuz bermoqda. 15-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida uning rivojlanishiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Davlat rahbarining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezidentga «tartibga solish qumdoni» huquqiy rejimini kengaytirish rejasi taqdim etilgan. Ushbu rejim doirasida uning ta’sirini nafaqat norezidentlarga, balki rezidentlarga ham tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun ishtirok etishning cheklanmagan muddatini belgilash, shuningdek, xorijiy kompaniyalarning aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qog‘ozlari bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif qilingan.
Bunday choralar xorijiy qimmatli qog‘ozlarning norasmiy savdosini qisqartirishga va bunday operatsiyalarni shaffof huquqiy maydonga olib chiqishga yordam berishi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston fond birjasida mahalliy kompaniyalar va banklarga xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat beriladi. Bu tashqi bozorga chiqmasdan valyuta mablag‘larini jalb qilish imkonini beradi. Shuningdek, qimmatli qog‘ozlarni mahalliy va xorijiy maydonchalarda bir vaqtning o‘zida joylashtirish, ya’ni «dual listing»ga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.
Valyuta obligatsiyalari va xorijiy qog‘ozlar
Avesta Investment Group brokerlik departamenti mutaxassisi Arnold Vdovkinning Kursiv Uzbekistan’ga bergan intervyusida ta’kidlashicha, e’lon qilingan choralar va kapital bozorini rivojlantirish rejalari turli investorlar va emitentlar guruhlari manfaatlariga mos keladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy kompaniyalar uchun «dual listing»ga ruxsat berish, valyuta obligatsiyalarini joriy etish va xorijiy qimmatli qog‘ozlarga ruxsat berish kredit va depozit mahsulotlariga to‘laqonli muqobil bo‘la oladi. Ekspert ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi ichki fond bozorida faollikning o‘sishiga kuchli turtki berishini prognoz qilmoqda.
U, ayniqsa, mahalliy kompaniyalar va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish rejalarini alohida ajratib ko‘rsatadi.
«Beqaror kompaniyalar tomonidan obligatsiyalar chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun emitentlarning moliyaviy holatiga aniq talablar qo‘yilishi zarur, deb hisoblayman. Chunki mahalliy va xorijiy investorlar uchun ishonchli moliyaviy mahsulotlarni taklif qilish muhim. Katta ehtimol bilan eksportchilar, chakana savdo kompaniyalari va banklar emitent sifatida maydonga chiqadi. Kompaniyalar uchun esa valyutadagi qarzlar foiz stavkalari farqi sababli so‘mdagi qarzlarga nisbatan jozibaliroq bo‘ladi», — deb ta’kidladi ekspert.
Kim xaridor bo‘ladi va bu bozor nima uchun kerak
Ekspertning fikricha, valyuta obligatsiyalarining asosiy xaridorlari jamg‘armalarini valyutada yoki valyuta depozitlarida saqlayotgan mahalliy fuqarolar, shuningdek, so‘m kursi riskidan ehtiyot bo‘layotgan xorijiy investorlar bo‘lishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, bunday instrumentlar naqd pul ko‘rinishidagi jamg‘armalarni rasmiy muomalaga jalb etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini kengaytirish hamda kompaniyalar uchun moliyalashtirish tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, valyuta obligatsiyalari yevrobondlarga muqobil vosita sifatida ko‘rilmoqda. Odatda yevroobligatsiyalar hajmi kamida $200–300 mln bo‘ladi, mahalliy bozorda chiqariladigan valyuta obligatsiyalari esa $5–50 mln atrofida bo‘lishi mumkin. Bu esa boshqa investorlar qatlamiga mo‘ljallangan bo‘lib, ichki kapital bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xorijiy aksiyalar — tartibga solinadigan infratuzilma orqali
Vdovkin yana bir muhim yo‘nalish sifatida xorijiy moliya vositalari, jumladan, xorijiy birja indekslariga kiruvchi aksiyalarning O‘zbekiston fond bozorida muomalasiga ruxsat berish rejalarini aytib o‘tdi.
Uning fikricha, bu, birinchi navbatda, jismoniy shaxslar uchun global aktivlarga yo‘l ochadi va investitsiya portfellarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Shu bilan birga, butun zanjir — qog‘ozlar ro‘yxatini belgilashdan tortib ularning muomalasigacha — shaffof huquqiy maydonda va regulyator nazorati ostida bo‘lishi kerak.
U ushbu jarayonda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi asosiy rolni o‘ynashini, bu firibgarlik xavfini minimallashtirish va investorlarni ishonchsiz tuzilmalarga sarmoya kiritishdan himoya qilish imkonini berishini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, bunday vositalar mahalliy investitsiya vositachilarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
«Bizning taxminimizcha, ushbu moliyaviy vositaning joriy etilishi valyuta chiqib ketishiga olib kelmaydi, aksincha, rezidentlarning xorijdagi aktivlari o‘sishini ta’minlaydi, bu esa O‘zbekistonning xalqaro investitsiya pozitsiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — deb hisoblaydi ekspert.
Infratuzilma muammolari — asosiy to‘siq
Shu bilan birga, Avesta Investment Group vakili infratuzilma muammolariga ham e’tibor qaratdi.
«Hozirgi vaqtda biz xorijiy investorlar — ham jismoniy, ham yuridik shaxslar tomonidan JShSHIR (PINFL) va STIR (INN) olish bilan bog‘liq tez-tez uchraydigan murojaatlar, ayrim mahalliy aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalari bo‘yicha dividendlar to‘lovining kechikishi, shuningdek, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishlarida masofaviy ovoz berish uchun mo‘ljallangan E-voting platformasidan xorijdan foydalanish imkoniyati yo‘qligi kabi muammolarga duch kelmoqdamiz», — deya xulosa qildi Arnold Vdovkin.