O‘zbekiston va Rossiya JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

21-dekabr kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanib, tegishli protokol imzolandi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Hujjat prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga amaliy tashrifi chog‘ida tasdiqlandi. Protokolni Rossiya tomonidan Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov imzolagan. Azizbek Urunov muzokaralar davomiy va mazmunli o‘tganini ta’kidlab, Rossiya tomoniga jarayondagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.

Ikki tomonlama jarayon yakunlangach, O‘zbekiston endilikda asosiy e’tiborni ko‘p tomonlama muzokaralarni ilgari surishga qaratadi. Rejaga ko‘ra, milliy qonunchilikni tashkilot talablariga moslashtirish ishlari davom ettiriladi va a’zolik jarayonini kelgusi yilda to‘liq yakunlash maqsad qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya va O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni yakunlash arafasida ekanligi haqida xabar bergan edi.