Avto

O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish kamaydi, BYD esa keskin oshdi

Avvalgi 149,8 ming donaga nisbatan 148,1 ming donani tashkil etdi
Chevrolet Cobalt
O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish bir yilda 148 mingga tushdi / Rasm SI yordamida qayta ishlangan

O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish 2025-yilning yanvar-noyabr oylarida o‘tgan yilga nisbatan 1,1 foizga kamaydi. Ya’ni bir yil avvalgi 149,8 ming donaga nisbatan 148,1 ming donani tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Mamlakatda yengil avtomobillar ishlab chiqarish 2025-yilning yanvar-noyabr oylarida 419,3 ming donani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilning shu davrida 385,1 ming dona bo‘lgan. Maxsus avtomobillar ishlab chiqarish esa 23 mingdan 49,4 ming donaga yetdi.

Yil davomida Tracker ishlab chiqarish 40,7 mingtadan 47,8 mingtagacha, KIA esa 19,3 mingtadan 24,5 mingtagacha oshdi. Shuningdek, Chery — 6,3 mingtadan 8,6 mingtagacha, Haval — 2,5 mingtadan 8,9 mingtagacha va BYD esa 2,2 mingtadan 17,5 mingtagacha o‘sdi.

Shu bilan birga, Damas ishlab chiqarish 92 mingtadan 85,4 mingtagacha, Onix — 36,4 mingtadan 29,1 mingtagacha kamaydi. 2024-yilda 12,8 ming dona ishlab chiqarilgan Gentra modeli 2025-yilda umuman chiqarilmagan.

Bundan tashqari, yuk avtomobillari ishlab chiqarish hajmi 3,1 ming donadan 4,1 ming donaga oshdi. 2025-yilda O‘zbekistonda yangi Tank 500 modelini ishlab chiqarish boshlangan bo‘lib, hozirgacha 50 ta avtomobil chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikki Chevrolet Cobalt — ikki yondashuv: Midnight Elegant’dan nimasi bilan farq qilishi haqida ma’lumot berilgandi.