
O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli uchun soatbay tariflar ishlab chiqilmoqda. Bu haqda 11-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zlagan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, yangi tizim orqali elektr energiyasi narxlari nafaqat mavsumlarga, balki kun davomida iste’mol vaqtiga qarab ham tabaqalashtiriladi. Xususan, eng yuqori yuklama kuzatiladigan soatlarda tariflar oshiriladi, kam iste’mol bo‘ladigan paytlarda esa elektr energiyasi arzonroq bo‘ladi. Masalan, elektromobillarni kechasi yoki kunduzgi sokin vaqtlarda zaryadlash arzonroq, tig‘iz davrlarda esa qimmatroq bo‘ladi.
Masala muhokamasi chog‘ida O‘zLiDeP fraksiyasi vakili Saydullo Azimov aholi energiya tariflaridan norozi ekanini bildirib, ularni mavsumga qarab o‘zgartirishni taklif qildi. Uning fikricha, yoz oylarida tariflarni oshirish, qishda esa isitishga ehtiyoj kuchayganda pasaytirish, shuningdek, gazlashtirilmagan uylar uchun alohida yondashuv joriy etish maqsadga muvofiq.
Natijada energetika vaziri bu taklifni o‘rinli deb baholab, vazirlik hozirda isitish mavsumida elektr energiyasidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi alohida me’yorlar ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr isitish xavfsizlik nuqtai nazaridan samaraliroq bo‘lib, turli favqulodda holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, gaz plitalari o‘rniga elektr plitalari o‘rnatilgan uylar uchun pasaytirilgan tariflarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu imtiyozlar gaz quvurlariga ulanmagan, markaziy isitish tizimi bo‘lmagan ko‘p qavatli uylar, yotoqxonalar hamda gazlashtirilmagan hududlardagi aholi uchun tatbiq etiladi.
Taklif qilinayotgan tizimga ko‘ra, isitish mavsumida oyiga 2000 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan abonentlar amaldagi tariflardan 50 foiz arzon narxda to‘laydi. Isitish mavsumidan tashqari davrda esa pasaytirilgan tariflar 1000 kVt/soatgacha amal qiladi.
Mazkur o‘zgarishlar allaqachon idoralararo dastlabki kelishuvdan o‘tkazilgan. Hozirda elektr tarmoqlarining qo‘shimcha yuklamani qabul qilish imkoniyatini aniqlash maqsadida texnik audit olib borilmoqda. Yakuniy hisob-kitoblardan so‘ng mas’ul davlat organlari ushbu tashabbusni joriy etish bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaponiya dunyodagi eng yirik yadro elektr stansiyasini qayta ishga tushirishi haqida yozgandi.