
Rossiyaga amaliy tashrif doirasida Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov va Tojikiston yetakchisi Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin huzurida xalqaro mukofotni uning hay’ati raisi, Mariinskiy teatri badiiy rahbari va bosh direktori, Rossiya Katta teatri bosh direktori, dirijyor Valeriy Gergiyev topshirdi.

Kremlning yozishicha, ular ushbu mukofotga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun sazovor bo‘lgan.
Hakamlar hay’atining qarorida 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida uchta davlat rahbarlari Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma va Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasini imzolagani va shu bilan xalqaro huquq ustuvorligiga asoslangan umumiy va barobar xavfsizlikni ta’minlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgani ta’kidlangan.
Avvalroq «Kursiv» prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga borgani haqida yozgandi. U Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda nutq so‘zlab, integratsiyani chuqurlashtirish va o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.