
2025-yilning noyabr oyida Qozog‘istonning aksariyat hududlarida anomal iliq ob-havo kuzatildi. «Kazgidromet» sinoptiklari ma’lumotiga ko‘ra, bir qator shaharlarda havo harorati rekordlarni yangilagan. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.
Keskin isish, ayniqsa, oyning ikkinchi yarmida sezilarli bo‘ldi. Xususan, Qarag‘anda shahrida 26-noyabr kuni havo harorati +9,4 darajaga yetib, 1971-yilda o‘rnatilgan rekordni yangiladi. Jezqazg‘anda esa ketma-ket uch kun (24 – 26-noyabr) davomida harorat +10,3 dan +13,3 darajagacha ko‘tarilib, avvalgi yillardagi maksimumlardan o‘zib ketdi. Shuningdek, Ko‘kshetovda 1977-yilgi, Aqtobeda esa 2001-yilgi rekord ko‘rsatkichlar yangilangan.

Haroratning ko‘tarilishi bilan birga hududlarda kuchli yog‘ingarchilik va noqulay ob-havo hodisalari ham kuzatilgan. Turkiston viloyatida bir sutkada oylik me’yorning uchdan bir qismi (28 mm) miqdorida qor yog‘gan bo‘lsa, Jetisu viloyatida shamol tezligi sekundiga 36 metrgacha kuchaygan. G‘arbiy Qozog‘istonda ko‘rish masofasi 50 metrgacha qisqargan quyuq tuman qayd etildi.
Poytaxt Ostonada noyabr oyidagi o‘rtacha havo harorati +0,3 darajani tashkil etdi, bu iqlimiy me’yordan 5,5 darajaga yuqoridir. Shaharda yog‘ingarchilik miqdori 63 millimetrga yetib, o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichdan 217 foizga oshib ketdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonning yana ikki futbol klubi xususiylashtirilishi haqida xabar bergan edi.