
Adliya vazirligi banklar tomonidan sindikatlashgan kreditlarni ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga ko‘ra, sindikatlashgan kredit bir nechta banklar birlashib, qarz oluvchini birgalikda moliyalashtirish uchun ajratadigan kredit hisoblanadi. Banklar bilan bir qatorda xorijiy banklar, xalqaro moliya tashkilotlari hamda o‘z davlat qonunchiligiga muvofiq kredit ajratish huquqiga ega bo‘lgan chet el yuridik shaxslari ham bank sindikati ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.
Sindikatlashgan kredit olish uchun qarz oluvchi bankka ariza bilan murojaat qiladi. Bank bunday kreditni ajratish mumkinligi haqida ijobiy qaror qabul qilgan taqdirda, qarz oluvchi bilan dastlabki shartlarni kelishib oladi. Yetakchi bank esa sindikatda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan boshqa banklarga qarz oluvchi haqidagi ma’lumotlarni yuboradi. Bank sindikati ishtirokchilar o‘rtasidagi yozma kelishuv asosida tuziladi va unda tomonlarning o‘zaro munosabatlari, huquq hamda majburiyatlari belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan ta’lim krediti va avtokreditlar miqdori mos ravishda 16,2 va 7 foizga o‘sgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bankning dekabr oyida e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki 9 oyi davomida o‘zbekistonliklarga mashina xarid qilish uchun 13,7 trln so‘m kredit berilgan. Bu miqdor o‘tgan yilning yanvar – sentabr oylarida taqdim qilingan avtokredit miqdoridan 7 foizga (949 mlrd so‘m) ko‘pni tashkil qilmoqda.