Tramp 30 nafarga yaqin elchini ortga chaqirib oladi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 30 ga yaqin mansabdor diplomatni elchi va boshqa yuqori lavozimlardan chaqirib olishni boshladi. Bu haqda AP nashri xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, o‘zgarishlar Bayden ma’muriyati davrida tayinlangan, ammo Trampning ikkinchi muddati boshidagi dastlabki «tozalash»dan omon qolgan diplomatlarga taalluqlidir. Dastlabki bosqichda asosan siyosiy tayinlovlar nishonga olingan bo‘lsa, endilikda professional diplomatlar rotatsiyasi amalga oshirilmoqda.
Elchilar odatda 3–4 yil xizmat qilsa-da, qonunchilikka ko‘ra ular prezident ixtiyori bilan lavozimidan ozod etilishi mumkin. Ta’kidlanishicha, chaqirib olingan diplomatlar Davlat departamentidagi ishidan bo‘shatilmaydi, balki Vashingtonga qaytib, xohishiga ko‘ra boshqa vazifalarga o‘tkaziladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp qarorgohiga yaqinlashayotgan samolyot to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi.