Yangiliklar

Tramp qarorgohiga yaqinlashayotgan samolyot to‘xtatildi

Hodisaning boshqa tafsilotlari hozircha ochiqlamagan
Foto: apa.az

21-dekabr kuni AQSh Harbiy havo kuchlarining qiruvchi samolyoti Florida shtatidagi Palm-Bich ustida o‘rnatilgan cheklangan havo hududini buzgan samolyotni to‘xtatdi. Bu haqda Shimoliy Amerika aerokosmik mudofaa bo‘yicha birlashgan qo‘mondonlik (NORAD) xabar berdi.

«Bugun ertalab NORAD’ga qarashli F-16 qiruvchisi Palm-Bich ustidagi cheklangan havo hududiga kirgan samolyotni to‘xtatdi», – deyiladi qo‘mondonlikning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy bayonotida.

NORAD vakillarining xabar berishicha, havoda yuzaga kelgan vaziyat xavfsiz tarzda hal qilingan. Mazkur hududda AQSh prezidenti Donald Trampning qarorgohi joylashgan bo‘lib, ushbu zona ustidan uchib o‘tish qat’iy cheklangan. Harbiylar hodisaning boshqa tafsilotlarini va qoidabuzar samolyot turini hozircha ochiqlamagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp siyosati sabab Ford 19,5 mlrd dollar zarar ko‘rgani haqida xabar bergan edi.