Turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirish zarur — prezident

eʼlon qilindi
YOII yig‘ilishida bir qator tashabbuslar ilgari surildi
Turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirish zarur — prezident / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi hamkorlik masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda nutq soʻzlab, integratsiyani chuqurlashtirish va oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirish muhimligini taʼkidladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Sankt-Peterburgda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etdi. Yig‘ilishda Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya Prezidentlari, shuningdek, kuzatuvchi davlatlar – Kuba va Eron rahbarlari ham qatnashdi.

Foto: President.uz

Mirziyoyev avvalo Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga samimiy qabul va uchrashuvning yuqori saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Grigoryevich Lukashenkoning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga raisligi davrida koʻp tomonlama amaliy hamkorlik yangi bosqichga chiqqani qayd etildi.

Prezident global bozorlar parchalanishi, logistika zanjirlarining murakkablashuvi va investitsiya oqimlaridagi oʻzgarishlar sharoitida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan pragmatik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonning YOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi qariyb ikki barobar oshgani, savdo tarkibida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushi ortib borayotgani alohida eʼtirof etildi.

Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, agrar sanoat va transport sohalarini qamrab olgan, 40 ga yaqin aniq tadbirni oʻz ichiga olgan uch yillik reja asosida hamkorlik qilayotganini maʼlum qildi. Qoʻshma Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishini kelgusi yilda Toshkent shahrida oʻtkazish rejalashtirilgani bildirildi. Shuningdek, elektron savdo, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha YOII tarmoq dasturlarida ishtirok etilayotgani taʼkidlandi.

Nutqda Oʻzbekiston va YOII bojxona chegaralari orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari boʻyicha axborot almashish toʻgʻrisida bitim tuzish yuzasidan muzokaralarni boshlash haqidagi qaror olqishlandi. Bu tashabbus bojxona nazoratining samaradorligini oshirish, kechikishlarni kamaytirish va transport tizimlarini Yevroosiyo yoʻlaklariga integratsiyalashga xizmat qilishi qayd etildi.

Foto: President.uz

Yana, prezident Oʻzbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qoʻshilishi infratuzilma, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun muhim imkoniyatlar yaratganini taʼkidladi. Bank bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, jumladan, «yashil» loyihalar va kichik hamda oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlarida «yoʻl xaritasi» ishlab chiqish taklif etildi.

Shuningdek, savdo toʻsiqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish, texnik tartibga solish, sertifikatlash va bojxona maʼmuriyatchiligi sohalarida yondashuvlarni yaqinlashtirish, sanoat kooperatsiyasi va raqamli texnologiyalar boʻyicha hamkorlikni kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirish tashabbusi ham ilgari surildi.

Yakunda Mirziyoyev Oʻzbekiston YOII bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini bildirib, Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga ittifoqqa raislik davrida muvaffaqiyatlar tiladi hamda barcha ishtirokchilarni kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabrikladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tokioda Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek