
Yaponiya dunyodagi eng yirik yadro elektr stansiyasini qayta ishga tushirishga kirishdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Niigata prefekturasida o‘tkazilgan mintaqaviy ovoz berish natijasiga ko‘ra, Kashiwazaki-Kariwa stansiyasining faoliyatini boshlashga ruxsat berildi. Bu stansiya 2011-yildagi zilzila va sunami natijasida yuz bergan Fukushima halokati ortidan yopilgan edi.
Kashiwazaki-Kariwa stansiyasi Tokiodan 220 km shimoli-g‘arbda joylashgan bo‘lib, avval halokatga uchragan Fukushima zavodini boshqaruvchi Tokyo Electric Power Co (TEPCO) tomonidan qayta ishga tushiriladi. TEPCO birinchi reaktorni 20-yanvarda ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Stansiyaning umumiy quvvati 8,2 GW bo‘lib, bu bir necha million uylarni elektr bilan ta’minlashga yetadi. Birinchi qayta ishga tushiriladigan reaktor 1,36 GW quvvatga ega bo‘ladi va 2026-yilda ishlay boshlaydi, ikkinchisi esa 2030-yillarda ishga tushadi.
TEPCO avvalgi yil prefekturadagi qo‘llab-quvvatlashni oshirish maqsadida 10 yil davomida 100 mlrd yen ($641 mln) mablag‘ ajratishni va’da qildi. Shuningdek, kompaniya xavfsizlikni ta’minlash va Fukushima singari avariyalarni takrorlamaslikka qat’iy harakat qiladi.
Yaponiya hukumati yadro energetikasini kuchaytirish orqali mamlakatning energiya xavfsizligini mustahkamlashni va import qilinadigan yoqilg‘i xarajatlarini kamaytirishni rejalashtirmoqda. O‘tgan yili Yaponiya import qilinadigan suyuq gaz va ko‘mirga 10,7 trln yen ($68 mlrd) sarflagan. Shuningdek, mamlakat 2040-yilga qadar yadro energetikasining ulushini elektr ta’minotida 20 foizga oshirishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida 12 mlrd dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirilgani haqida xabar bergan edik.