
O‘zbekistonda bir necha yildan beri muhim iste’mol tovarlari va ularni ishlab chiqarish uchun zarur xomashyolarga import bojxona bojlarining nol stavkalari qo‘llanib kelinmoqda.
Iqtisodchi Yuliy Yusupovning ta’kidlashicha, noyabr-dekabr oylarida savdo va import bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar orasida xavotir hamda noaniqlik hissi paydo bo‘lgan. Hamma bojxona bojlarining nol stavkalari uzaytirilishi yoki yo‘qligi bo‘yicha ma’lumot kutmoqda.
Unga ko‘ra, nol bojlar tufayli go‘sht, sut, baliq, tuxum, sabzavot-mevalar, un va makaron mahsulotlari, bolalar kiyimi, gigiyena vositalari kabi kundalik tovarlar bozorda nisbatan barqaror narxlarda saqlanib kelmoqda. Shuningdek, boj olinmasa ham, importdan QQS to‘lanadi va bu budjetga tushum bo‘lib qoladi. Yana bir muhim jihat ushbu siyosat Rossiyaga bog‘liqlikni kamaytirib, importni diversifikatsiya qilishga yordam berdi.
Ammo 2026-yil 1-yanvargacha uzaytirilgan nol stavkalar, keyingi yildan boshlab qanday bo‘lishi aniq emas.
«Bojxona to‘lovlarini nolga tenglashtirishning asosiy muammosi – ularning vaqtinchalik xususiyati va har yili ushbu chorani uzaytirish tartibidir. Bundan tashqari, hukumat har doim uzaytirish/uzaytirmaslik to‘g‘risidagi e’lonni eng so‘nggi daqiqagacha (dekabr oxirigacha) cho‘zadi. Bu yil ham istisno emas – biz hali ham 2026-yil 1-yanvardan boshlab bojxona to‘lovlari bilan nima bo‘lishini bilmaymiz», — deydi iqtisodchi.
Agar nol stavkalar bekor qilinsa, narxlar oshishi, inflyatsiya kuchayishi, kontrabanda va «kulrang import» yana avj olishi mumkin.
«Tasavvur qiling, agar bojlarni nolga tenglashtirish bekor qilinsa va ularni to‘liq (juda katta miqdorda) to‘lashga to‘g‘ri kelsa, ushbu tovarlar bozorlaridagi vaziyat qanday o‘zgaradi. Biz ega bo‘lgan barcha imtiyozlar yo‘qoladi va biz mavjud ta’minot zanjirlarining buzilishiga, inflyatsiyaning o‘sishiga, kontrabandaga, kulrang import va yashirin aylanmaga, shuningdek, ular bilan doimo birga bo‘lgan korrupsiyaga ega bo‘lamiz», — deydi Yusupov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1-maydan jismoniy shaxslarga chetdan tovar olib kirish tartibi o‘zgardi. Unga ko‘ra,
- havo transporti orqali – $1000 (hozirda $2000);
- temiryo‘l va daryo transporti orqali – $500 ($1000);
- avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali – $300 (o‘zgarishsiz);
- xalqaro kuryerlik jo‘natmalari – bir oyda $200 (avval bir chorakda $1000)
- xalqaro pochta jo‘natmalari – $100 (o‘zgarishsiz).
Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra, agar fuqaro xorijda juda qisqa muddat – temiryo‘l yoki avtomobilda 2 kundan kam, havo transportida esa 3 kundan kam vaqt bo‘lgan bo‘lsa, u holda bojsiz olib kirish imtiyozlari qo‘llanilmaydi. Bu holatda tovarlar umumiy qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.