Yangiliklar

AQShda dengiz bo‘yidagi shamol energetikasi loyihalari to‘xtatildi

Radar tizimlariga xalaqit bergani sababli
AQShda dengiz bo‘yidagi shamol energetikasi loyihalari to‘xtatildi / Foto: Reuters

AQSh ma’muriyati milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab beshta yirik dengiz bo‘yidagi shamol energetikasi loyihasini to‘xtatdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

AQSh Ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, qaror Pentagonning murojaatlari asosida qabul qilingan. Pentagon katta turbina qanotlari va ularni ushlab turuvchi minoralar radar tizimlariga xalaqit berib, xavfsizlik tahdidlarini aniqlashni qiyinlashtirishi mumkinligini bildirgan.

Bu chora federal idoralarga loyiha egalari va shtat hamkorlari bilan birgalikda xavflarni kamaytirish imkoniyatlarini baholashga imkon yaratadi. Ichki ishlar vaziri Dag Burgum AQSh hukumatining asosiy vazifasi aholining xavfsizligini ta’minlash ekanini ta’kidladi.

Mazkur qaror Orstedning Revolution Wind va Sunrise Wind, Avangrid va Copenhagen Infrastructure Partners’ning Vineyard Wind 1, Dominion Energy’ning Coastal Virginia Offshore Wind hamda Equinor’ning Empire Wind 1 loyihalariga ta’sir ko‘rsatdi. Natijada Orsted aksiyalari 12 foizdan ortiq pasayib ketdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh o‘z ixtiyori bilan ketadigan migrantlarga uch ming dollar berishi haqida xabar bergan edik.