Avto

Avtomobillardagi sensorli ekranlar haydovchini jiddiy chalg‘itishi ma’lum qilindi

Tadqiqot davomida 16 nafar ishtirokchi shahar sharoitiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan haydash simulyatorlarida avtomobil boshqargan
Rasm Grok yodamida yaratilgan

Avtomobillardagi sensorli ekranlardan foydalanish haydash xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu xulosa Washington State University va Toyota Research Institute tomonidan o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalarida qayd etildi.

Tadqiqot davomida 16 nafar ishtirokchi shahar sharoitiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan haydash simulyatorlarida avtomobil boshqargan. Haydash jarayonida ularga sensorli ekran orqali oddiy vazifalarni bajarish, jumladan avtomobil sozlamalarini o‘zgartirish yoki radiostansiyalarni almashtirish taklif qilingan. Olimlar bu paytda haydovchilarning ko‘z va qo‘l harakatlarini, qorachiq kengayishini hamda teri o‘tkazuvchanligini kuzatib, aqliy yuklama va stress darajasini baholagan.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, sensorli ekran bilan ishlashda bosish aniqligi va bajarish tezligi rul ortida bo‘lmagan holatga nisbatan 58 foizdan ko‘proqqa pasaygan. Bu haydovchi raqamli menyular bilan ishlashga ko‘proq e’tibor qaratishga majbur bo‘layotganini va natijada yo‘ldan chalg‘iyotganini anglatadi.

Shuningdek, sensorli ekranlardan foydalanilganda avtomobilning harakat yo‘lagidan chiqib ketish darajasi 40 foizdan ko‘proqqa oshgani aniqlangan. Tadqiqot mualliflari bu holatni xavfsizlik uchun jiddiy tahdid sifatida baholamoqda.

Olimlar avtomobil ishlab chiqaruvchilarga sensorli menyular sonini kamaytirishni va eng ko‘p ishlatiladigan funksiyalar uchun jismoniy tugmalarni qayta joriy etishni tavsiya qilmoqda. Bundan tashqari, haydovchining holatiga moslashuvchi aqlli tizimlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi. Masalan, chalg‘ish aniqlanganda tugmalarni kattalashtirish yoki ayrim funksiyalarni vaqtincha cheklash taklif qilinmoqda.

Qayd etilishicha, ayrim avtomobil ishlab chiqaruvchilar allaqachon asosiy funksiyalar uchun jismoniy tugmalarga qayta o‘ta boshlagan. Bunga iste’molchilarning salbiy munosabati va yo‘l harakati xavfsizligi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jarimalar ham sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston Gruziyadan qancha avtomobil import qilgani haqida yozgan edi.