Call of Duty asoschisi Vins Zampella avtohalokatda vafot etdi

Call of Duty videoo‘yinining hammuallifi, Respawn Entertainment studiyasi rahbari va Infinity Ward asoschilaridan biri Vins Zampella 55 yoshida vafot etdi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa yakshanba kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Bir mashina ishtirokidagi avariyada haydovchi voqea joyida, yo‘lovchi esa keyinroq shifoxonada vafot etgan. Zampella zamonaviy videoo‘yinlar sanoatining eng taniqli shaxslaridan biri edi. U o‘z faoliyatini 90-yillarning o‘rtalarida boshlagan va Medal of Honor, Titanfall, Apex Legends kabi mashhur loyihalarga rahbarlik qilgan.
Zampella 2002-yilda Infinity Ward studiyasiga asos solib, dunyo bo‘ylab 500 mlndan ortiq nusxada sotilgan Call of Duty franshizasini yaratishda bosh-qosh bo‘lgan. Ayniqsa, Modern Warfare (2007) va Modern Warfare 2 (2009) o‘yinlari uning rahbarligida katta muvaffaqiyat qozongan.
Yaqinda u EA Games kompaniyasida Battlefield seriyasiga rahbar etib tayinlangan va oktabr oyida chiqarilgan Battlefield 6 o‘yini tanqidchilar tomonidan yuqori baholangan edi. Electronic Arts (EA) kompaniyasi dushanba kuni rasmiy bayonot berib, Zampellaning vafotini tasavvur qilib bo‘lmas yo‘qotish deb atadi.
«Vinsning videoo‘yinlar sanoatiga ta’siri chuqur va keng qamrovli edi. Do‘st, hamkasb, yetakchi va uzoqni ko‘ra oluvchi ijodkor sifatida uning ishlari zamonaviy interaktiv o‘yin-kulgini shakllantirishga yordam berdi va millionlab o‘yinchilarni ilhomlantirdi», — deyiladi bayonotda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA o‘yinlarida litsenziya huquqi Netflix’ga berilgani haqida xabar bergan edi.