Sport

David Neresning dubli «Napoli»ga Italiya Superkubogini keltirdi

Foto: Sportstar – The Hindu

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Italiya Superkubogi finalida «Napoli» «Bolonya» ustidan ishonchli g‘alaba qozondi. David Neresning gollari amaldagi A Seriya chempionlariga o‘z tarixidagi uchinchi Superkubokni taqdim etdi.

Uchrashuvning 39-daqiqasida Neres hisobni ochdi. Uning uzoq masofadan chap oyoqda yo‘llagan aylanma zarbasini «Bolonya» darvozaboni Federiko Ravalya qaytara olmadi. Ikkinchi gol o‘yinning bir soati ortda qolayotgan pallada kiritildi.

Foto: Napolipiu.com

Ravalya to‘pni o‘yinga kiritishda xatoga yo‘l qo‘yib, noaniq pas berdi. Neres himoyachi Jon Lukumidan to‘pni olib qo‘ydi va uni darvozabon ustidan oshirib, darvozaga joylab qo‘ydi. Bu David Neresning 2024-yil avgust oyida «Benfika»dan «Napoli»ga o‘tganidan beri qayd etgan ikkinchi dubli bo‘ldi. U turnirni jami uchta gol bilan yakunladi.

«Biz bu yerga Italiya chempionlari sifatida keldik va ajoyib o‘yin ko‘rsatib, ushbu sovrinni qo‘lga kiritishni istaganimizni isbotladik», – dedi jamoa hujumchisi Matteo Politano.

Antonio Konte boshchiligidagi «Napoli» so‘nggi to‘qqizta rasmiy o‘yinning yettitasida g‘alaba qozondi. Jamoa ayni damda A Seriyada peshqadam «Inter»dan ikki ochko, «Milan»dan esa bir ochko ortda qolib, uchinchi o‘rinda bormoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Skot Maktominay A seriyaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgani haqida xabar bergan edi.