Yangiliklar

Ekostiker bo‘yicha jarimalar 2026-yildan qo‘llanilmaydi — rasmiy izoh

«Ekologik transport» tizimi doirasidagi jarimalar faqat 2028-yildan kuchga kiradi
Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Ekostiker o‘rnatmagan avtomobillarga 2026-yildan jarimalar qo‘llanilmaydi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, qo‘mita ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda 2026-yildan «ekologik hudud»ga kiruvchi qizil va sariq toifadagi avtomobillar jarimaga tortilishi haqidagi xabarlar noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi. Rasmiy ma’lumotlarga asosan, «Ekologik transport» tizimi doirasidagi jarimalar faqat 2028-yildan kuchga kiradi.

2026–2027-yillar tizimni bosqichma-bosqich joriy etish, haydovchilarni xabardor qilish va ekologik madaniyatni shakllantirish davri bo‘ladi. Qo‘mitaga ko‘ra, tizimning asosiy maqsadi jazolash emas, balki aholiga ekologik transport tamoyillarini tushuntirish va shaharlar havosining sifatini yaxshilashdir.

Shuningdek, sariq yoki qizil stikerga ega avtomobillar diagnostika markazlarida texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, talablar bajarilgach «yashil» toifaga o‘tkazilishi mumkin. Yo‘l harakati xavfsizligining yagona elektron tizimi va kameralar orqali haydovchilar qaysi hududlarga kirish mumkin yoki cheklanganligi haqida oldindan xabardor qilib boriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtotransportlar uchun ekologik stiker berish tartibi belgilangani haqida yozgandi.

Yangi hujjatga ko‘ra, avtomobillarning ekologik toifasi ishlab chiqaruvchi tomonidan ko‘rsatilgan ekologik sinf asosida aniqlanadi.

Nizomga muvofiq, benzin hamda siqilgan yoki suyultirilgan gazda yuruvchi transport vositalarida «Yevro-2» va undan yuqori ekologik sinfga mansublari «toza» toifaga kiritiladi. «Yevro-0» va «Yevro-1» sinfidagi avtomobillar esa «o‘rta» ekologik toifaga ajratiladi.

Dizel yonilg‘ida harakatlanuvchi transportlarda «Yevro-4» va undan yuqori sinf «toza» toifa hisoblanadi. «Yevro-3» darajadagi avtomobillar «o‘rta» toifaga kiritiladi. «Yevro-0», «Yevro-1» va «Yevro-2» sinfidagi dizel avtomobillar esa «zararli» ekologik toifaga mansub bo‘ladi.

Gibrid avtomobillar, muqobil yoqilg‘ida harakatlanuvchi transport vositalari hamda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan avtomobillar avtomatik tarzda «toza» ekologik toifaga kiritiladi.