Yangiliklar

G‘ijduvonda davlat zaxirasidagi yerlarni noqonuniy sotgan shaxslar ushlandi

Ular 10 sotix yerni ikki kishiga bo‘lib, sotib yuborgan
G‘ijduvonda davlat zaxirasidagi yerlarni noqonuniy sotgan shaxslar ushlandi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida davlat zaxirasidagi yer maydonlarini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

G‘ijduvon tumanida shaxslar o‘zaro til biriktirib, ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirgan hamda «Paxtaobod» MFY hududida joylashgan 10 sotix davlat zaxirasidagi yer maydonini go‘yoki o‘zlariga tegishli ekanini aytgan. Shu tariqa ular yerning 4 sotixini bir shaxsga, 6 sotixini esa boshqa shaxsga sotishga kelishgan.

Mazkur harakatlar natijasida gumonlanuvchilar jabrlanuvchilardan jami 25 mln so‘m pul mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlandi. Tekshiruv jarayonida ushbu mablag‘ning 15 mln so‘mi qaytarilib, bu holat protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent, Qashqadaryo va Buxoroda yer savdosiga doir firibgarliklar fosh etilgan edi.