
Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) Dubayda o‘tgan erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionatining 60 kg vazn toifasi finalida yuz bergan bahsli vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Rossiyalik Vsevolod Shumkov va o‘zbekistonlik Abdumalik Xalokov o‘rtasidagi jang natijasi o‘zgarishsiz qoldirildi. Tashkilot ekspertlari vaziyatni o‘rganib chiqib, qoidabuzarlik jang oqimiga ta’sir qilmagan degan xulosaga keldi. Bahsli holat uchinchi raund tugashiga taxminan 50 soniya qolganda, bokschilar yaqin masofada klinch holatida bo‘lganida yuz bergan edi.
IBA bayonotida aytilishicha, Shumkovning og‘zi Xalokovning qulog‘iga tekkan bo‘lsa-da, bu harakat tasodifiy bo‘lgan va jang davomiga sezilarli ta’sir o‘tkazmagan. Referi vaziyatni to‘liq nazorat qilgan va aralashuvga hojat yo‘q deb topgan. Videotakrorlar ham Xalokovning hech qanday e’tirozsiz yoki jarohatsiz jangni davom ettirganini tasdiqlagan.
«Sportchilarning manfaatlari har qanday vaziyatda biz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lib qoladi», — dedi IBA Bosh kotibi va ijrochi direktori Kris Roberts.
IBA qoidalariga ko‘ra bunday kontakt taqiqlangan bo‘lsa-da, hakamlar vaziyatning og‘irligi, niyati va ta’sirini real vaqt rejimida baholagan. Qolaversa, musobaqa yakuniga qadar O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan rasmiy apellyatsiya kiritilmagani sababli, natijani o‘zgartirish uchun huquqiy asos mavjud emas.
Biroq shaffoflikni ta’minlash maqsadida ish Boks bo‘yicha mustaqil yaxlitlik bo‘limiga (BIIU) oshirildi. Agar qoidabuzarlik tasdiqlansa, rossiyalik bokschiga nisbatan jarima qo‘llanilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan boks bo‘yicha jahon chempionatida 6 nafar sportchi finalga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.