Ko’chmas mulk

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha yetti foizga oshdi — tahlil

Eng yuqori o‘sish Surxondaryo, Jizzax va Namangan viloyatlarida qayd etilgan
Uy-joy
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha yetti foizga oshdi / Foto: Sun’iy intellekt

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025-yil noyabr oyida O‘zbekistonda uy-joy va ijara bozorida kuzatilgan asosiy tendensiyalar bo‘yicha yangilangan tahlilni e’lon qildi (tahlil Kursiv Uzbekistan’da mavjud).

Unga ko‘ra, mamlakatda uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga oshib, 25 mingta bitimni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori yillik o‘sish Buxoro (35,4 foiz), Qashqadaryo (26,5 foiz) va Samarqand (21,7 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Respublika bo‘yicha barcha uy-joy bitimlarining qariyb 30 foizi poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelib, noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy savdosi hajmi yillik hisobda 8,8 foizga oshdi.

Ikkilamchi uy-joy bozorida respublika bo‘yicha narxlarning o‘rtacha 7 foiz atrofida mo‘tadil o‘sishi kuzatildi. Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Surxondaryo, Jizzax va Namangan viloyatlarida qayd etilib, ushbu hududlarda narxlar o‘rtacha hisobda o‘tgan yilga nisbatan qariyb 17 foizga oshdi.

Yillik hisobda poytaxtda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 0,9 foizga pasaygan bo‘lsa, birlamchi bozorda narxlar aksincha 4 foizga oshdi. Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng katta pasayishi Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida kuzatilib, bu hududlarda pasayish o‘rtacha 5 foizni tashkil etdi. Birlamchi uy-joy bozorida esa narxlarning eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy, Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida qayd etilgan — o‘rtacha 9 foiz atrofida.

Poytaxtning ijara bozorida ham o‘sish saqlanib qoldi. Noyabr oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun $8,7 ni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 5 foizga yuqori. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxlari nisbatan yuqori bo‘lib, bu hududlarda bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $11 atrofida qayd etildi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod va Bektemir tumanlarida ijara narxlarining yillik hisobda o‘rtacha 8 foizga oshgani kuzatildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aholi nega yildan-yilga kichikroq uy sotib olayotgani haqida yozgan edik.