
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQSh prezidenti Donald Trampning Janubiy Amerika davlatiga nisbatan neft blokadasi joriy etish haqidagi buyrug‘iga keskin munosabat bildirdi.
22-dekabr kuni jamoatchilik televideniyesi orqali qilgan chiqishida Maduro Trampga Karakasga tahdid qilish o‘rniga AQShning ichki iqtisodiy va ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratishni maslahat berdi.
Trampning Venesuela neft sektoriga qarshi kampaniyasi mintaqada AQSh harbiy kuchlarining kuchayishi fonida yuz bermoqda. Vashington buni giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash missiyasi deb atagan bo‘lsa-da, Tinch okeani va Karib dengizida uyushtirilgan yigirmadan ortiq zarbalar oqibatida 100 dan ziyod odam halok bo‘lgan.
«Agar u o‘z mamlakatining iqtisodiy va ijtimoiy ishlari bilan shug‘ullansa, ham o‘zi, ham dunyo uchun yaxshiroq bo‘lar edi», — deb ta’kidladi Maduro o‘z so‘zida.
Venesuela tomoni giyohvand moddalar savdosiga aloqadorligini rad etib, Vashingtonning asosiy maqsadi dunyodagi eng yirik neft zaxiralarini egallash uchun hukumatni ag‘darish ekanini aytmoqda. Karakas AQSh tomonidan kemalarning ushlanishini xalqaro qaroqchilik deb baholadi.
Keskinlashib borayotgan vaziyat yuzasidan seshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Venesueladagi hamkasbi Ivan Gil bilan telefon orqali muloqotda AQShning Karib dengizidagi operatsiyalaridan chuqur xavotir bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Venesuela qirg‘oqlarida neft tankerini qo‘lga olgani haqida xabar bergan edi.