
23-dekabr kuni «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ kompaniyasi obligatsiyalari to‘liq sotildi. Bu haqda Freedom Broker xabar bermoqda.
Ushbu chiqarilish doirasida umumiy hajmi 200 mlrd so‘m bo‘lgan obligatsiyalar institutsional investorlar tomonidan to‘liq xarid qilingan. Kompaniyaning obligatsiya dasturi belgilangan hajmda muvaffaqiyatli yakunlandi. Tasdiqlangan dasturga muvofiq, ko‘zda tutilgan barcha obligatsiyalar to‘liq joylashtirilib, bozor ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlandi. Bu holat investorlar tomonidan emitentga bo‘lgan yuqori ishonch va kapital bozoridagi qiziqish saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Mazkur obligatsiyalarning nominal qiymati 1 mln so‘mni tashkil etdi. Kupon stavkasi yillik 17,5 foiz etib belgilangan bo‘lib, to‘lovlar har chorakda amalga oshiriladi. Qimmatli qog‘ozlarning muomala muddati 1 825 kunni tashkil etadi, bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar esa T+2 tizimi asosida bajarildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining obligatsiya dasturi umumiy hisobda 400 mlrd so‘mlik joylashtirish hajmini nazarda tutgan bo‘lib, u ikki transh orqali amalga oshirilgan. Ikkinchi emissiyaning to‘liq sotilishi mazkur dasturning muvaffaqiyatli yakunlanganini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Agat Credit Toshkent birjasida yillik 27 foiz daromadlilik bilan obligatsiyalarini joylashtirgani haqida yozgan edi.