
Joriy yilning noyabr oyida O‘zbekistonning gaz eksporti $55,9 mlnni tashkil etgan. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich oktabr oyidagi $22 mlnlik hajmdan sezilarli darajada yuqori. O‘tgan yilning noyabr oyida esa gaz eksporti $53 mln bo‘lgan. Yil boshidan buyon eksport qilingan gazning umumiy qiymati $624,1 mlnga yetgan.
Shu bilan birga, gaz importi ham keskin oshgan. Noyabr oyida import hajmi $334,3 mlnni tashkil etib, oktabr oyidagi $190,2 mlndan ancha yuqori bo‘lgan. Taqqoslash uchun, 2024-yil noyabrida gaz importi $186,8 mlnni tashkil qilgan. Yil boshidan beri import qilingan gazning umumiy qiymati esa $1,4 mlrdga yetgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda gaz taqchilligi saqlanib qolayotganiga qaramay, gaz eksporti to‘xtamay davom etmoqda.
«O‘zbekistonliklar va o‘zbek iqtisodiyotining surunkali og‘rig‘iga aylangan gaz taqchilligi gaz eksporti va importi kanallarini o‘ziniki qilib olgan o‘rtamchilar uchun kafolatlangan daromad manbaidir (ayniqsa gaz importi budjetdan subsidiyalanayotgani hisobga olinsa). Defitsit, og‘riq va muammo qancha katta bo‘lsa, o‘rtamchilarning daromadi shuncha ko‘payaveradi», — deydi Bakirov.
Iqtisodchining qayd etishicha, O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan oltin noyabr oyida ham eksport qilinmagan. Biroq oltin importi keskin oshib, $207,3 mlnni tashkil etgan. Umuman olganda, oylik eksport hajmining o‘sishi 5,2 foizgacha sekinlashgan, xizmatlar eksporti esa 3,2 foizga qisqargan. Aksincha, importning o‘sish sur’ati 36,9 foizga yetgan.
«Gaz va oltin importi o‘sgani bilan birga, so‘mning mustahkamlanishi ham bunda bazaviy omil bo‘layotganini qayd etmaslik mumkin emas. Afg‘oniston nihoyat Qozog‘istonni quvib o‘tib, eksportdagi 3-hamkorimizga aylangan», — deydi iqtisodchi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning dastlabki 11 oyi mobaynida O‘zbekistonda yirik sanoat korxonalari tomonidan tabiiy gaz va neft ishlab chiqarish hajmi qisqardi. Unga ko‘ra, joriy yilning yanvar – noyabr oylarida 38,9 mlrd kubometr gaz qazib olingan, bu o‘tgan yilning mos davriga (41 mlrd kubometr) taqqoslaganda 5,1 foizga kam.