
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan manzil koloniyadan qochib, 3-sinfda o‘qiydigan qizni zo‘rlagan pedofilga nisbatan yopiq sud ishi boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudida voyaga yetmagan 9 yoshli qiz bolaga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan 31 yoshli jayblanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi.
Abidovning yozishicha, ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent metrosida qizga tegajog‘lik qilgan 20 yoshli talabaga ma’muriy tartibda 5 sutkaga qamoq jazo berilgani haqida yozgandi.