Sport

Shomurodovning sobiq klubi 63,8 mln dollar qarz sabab chempionatni tark etishi mumkin

Eldor Shomurodov / Foto: Sportbox

O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Eldor Shomurodovning sobiq jamoasi «Rostov» jiddiy moliyaviy muammolarga duch keldi va Rossiya chempionatini oxirigacha yetkaza olmasligi xavfi ostida turibdi. Bu haqda taniqli insayder Ivan Karpov ma’lum qildi.

Klubning joriy qarzdorligi 4 dan 5 mlrd rublgacha ($63,8 mln) yetgan. Hozirda jamoaning qishki mashg‘ulot yig‘inlari uchun to‘lovlar amalga oshirilmagan, futbolchilarga esa sentabr-oktabr oylaridan beri maosh berilmayapti.

Vaziyatni og‘irlashtirayotgan omil shundaki, davlat tomonidan har yili ajratiladigan 700 mln rubl ($8,9 mln) miqdoridagi moliyalashtirish tasdiqlanmagan. 2026-yilgi budjet loyihasida butun Rostov sporti uchun mablag‘ ko‘zda tutilmagani aytilmoqda, bu nafaqat futbol, balki basketbol («Platov», «Rostov-YuFU») va xokkey («Rostov») klublarini ham xavf ostiga qo‘yadi.

Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov «Rostov» safida 2017–2020-yillar davomida to‘p surgan. U jamoa tarkibida jami 91 ta uchrashuvda maydonga tushib, 18 ta gol urgan va 12 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Aynan ushbu klubdagi muvaffaqiyatli o‘yinlari sababli Shumurodov 2020-yilda Italiyaning «Jenoa» klubiga 9,5 mln yevro evaziga transfer qilingan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodov va Fayzullayevning gollari «Bashakshehir»ga g‘alaba keltirgani haqida xabar bergan edi.