
Ta’lim muassasalarida bolalarga zo‘ravonlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda. Hujjat Senatga yuborilgan.
Hujjatga ko‘ra, notariuslar bolani farzandlikka olish, vasiylik yoki homiylikka berish bo‘yicha arizalarda imzoning haqiqiyligi tasdiqlangani haqidagi ma’lumotlarni «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etib borishi shart bo‘ladi. Bu tartib farzandlikka olish va vasiylik jarayonlarida shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, vasiy yoki homiy yashash joyini o‘zgartirishni, jumladan, boshqa davlatga ko‘chib ketishni rejalashtirgan taqdirda vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati hamda 10 yoshga to‘lgan bolaning roziligi talab etilishi belgilanmoqda. Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga undiriladigan aliment miqdorini kamaytirish masalalarida esa «Inson» markazlari vakilining sud jarayonlarida ishtiroki ko‘zda tutilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy bo‘linmalari ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslardan bolaning sog‘lig‘ini tiklash va reabilitatsiyasi uchun sarflangan qo‘shimcha xarajatlarni undirish bo‘yicha kiritilgan arizalarda davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.
Bundan tashqari, yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani vasiysi, homiysi yoki tutingan ota-onasi yashaydigan manzilga ro‘yxatga olishda ham davlat boji undirilmasligi taklif qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda toza havo himoyasi uchun 900 mlrd so‘m ajratilishi haqida yozgan edi.