
Yangi yil ta’tili bu faqatgina archalar, sovg‘alar va mandarinlar emas, balki iliq adyol ostida, chiroqlar yorug‘ida yaxshi film tomosha qilish uchun eng qulay davr. Albatta, «Uyda yolg‘iz» ko‘pchilik uchun bayram ramziga aylangan, ammo har yili aynan shu filmni qayta-qayta ko‘rish shart emas. Romantika, komediya va oilaviy kayfiyatni birlashtirgan boshqa filmlar ham yetarlicha. Quyida Kursiv Uzbekistan yangi yil kunlari uchun a’lo darajada mos keladigan beshta filmni jamladi.
Ushbu maqola orqali quyidagi filmlar haqida bilib olasiz:
- «Ko‘ngil rishtasi»
- «Janob Popperning pingvinlari»
- «Grinch»
- «Ikki qalb Rojdestvosi»
- «Erkak chaqaloqqa qarshi»
«Ko‘ngil rishtasi» («Serendipity»)
Ba’zan hayotda hamma narsa tasodifga o‘xshab ko‘rinadi, ammo aslida taqdir o‘z ishini qilib bo‘lgan bo‘ladi. 2001-yilda taqdim etilgan «Ko‘ngil rishtasi» («Serendipity») ham aynan shunday romantik hikoya. Film Nyu-Yorkda, Rojdestvo arafasida tasodifan tanishib qolgan Jonatan va Sara haqida. Ular bir-biriga oshiq bo‘lib qoladi, biroq munosabatni darhol davom ettirish o‘rniga taqdirga imkon beradi.
Telefon raqami, manzil o‘rniga belgilar, mayda tasodiflar va vaqt sinoviga ishonch filmning asosiy romantik g‘oyasini tashkil etadi. Oradan yillar o‘tadi, hayot ularni turli yo‘llarga boshlaydi, ammo ichki bir tuyg‘u qahramonlarni doim bir-biriga tortib turadi. Har bir kichik detal yozuvli kitob, muz maydoni, qog‘oz parchalari bari muhabbat ramziga aylanadi va tomoshabinga umid hissini beradi.
Bu film Yangi yil arafasida mo‘jizalarga ishonishni, sabr va umidning qadrini yana bir bor eslatadi. Qorli shahar manzaralari, sokin romantika va iliq hissiyotlar uni bayram uchun ideal tanlovga aylantiradi. Mazkur filmni onlayn platformalarda tomosha qilish mumkin.
«Janob Popperning pingvinlari» («Mr. Popper’s Penguins»)
Agar Yangi yilda butun oila bilan kulib tomosha qilinadigan film izlayotganlar uchun 2011-yilda chiqqan «Janob Popperning pingvinlari» («Mr. Popper’s Penguins») ayni muddao. Film jiddiy va sovuqqon biznesmen janob Popperning hayoti pingvinlar tufayli butunlay o‘zgarib ketishi haqida boradi.
Dastlab bu g‘alati sovg‘a unga faqat muammo bo‘lib tuyuladi, biroq vaqt o‘tishi bilan pingvinlar Popperning kundalik hayotiga quvonch, tartibsizlik va eng muhimi, jonli hissiyot olib kiradi. Ular orqali qahramon bolalari va atrofidagilar bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ladi.
Film yumor orqali jiddiy mavzuni ochadi: muvaffaqiyat va martaba ortidan quvib, inson eng muhim narsalarni oila va yaqinlikni sezmay qolishi mumkin. Pingvinlar Popper uchun nafaqat kulgili sarguzashtlar manbai, balki ichki o‘zgarishlar katalizatoriga aylanadi.
Umuman olganda, film oilaviy qadriyatlar, mehr va hayotdagi haqiqiy baxt nimada ekanini yengil va quvnoq tarzda ko‘rsatadi. Filmni onlayn platformalar orqali tomosha qilish mumkin.
«Grinch» («The Grinch»)
Yangi yilda ba’zan bolalar kabi multfilmlar ham tomosha qilish yoqimli. Bu paytni esa Grinchsiz tasavvur qilish qiyin. 2018-yilda suratga olingan animatsion film mashhur yashil qahramonni zamonaviy talqinda namoyish etadi.
Asar markazida doimiy yolg‘izlikda yashovchi, bayramlarni yomon ko‘radigan Grinch turadi. U quvnoq U-Ku shaharchasi aholisi va ularning cheksiz quvonchiga qarshi bo‘lib, Rojdestvoni butunlay buzishga qaror qiladi. Grinchning sovuqqonligi va jahldorligi ortida og‘riq va yolg‘izlik yashiringan.
Film asta-sekin uning ichki dunyosini ochib, nima sababdan u odamlardan yuz o‘girganini ko‘rsatadi. Biroq kichkina qizaloq Sindi Lu bilan uchrashuvi uning hayotini o‘zgartirib yuboradi. Mazkur film bolalar uchun ham, kattalar uchun ham birdek qiziqarli. U mehr, birdamlik va bayramning asl ma’nosi haqida sodda, ammo ta’sirli xabar beradi. Filmni onlayn platformalarda tomosha qilish mumkin.
«Ikki qalb Rojdestvosi» («Last Christmas»)
Rojdestvo qo‘shiqlari, London ko‘chalari va biroz qayg‘u bilan aralash umid, 2019-yilning «Ikki qalb Rojdestvosi» («Last Christmas») filmi aynan shunday kayfiyat bag‘ishlaydi. Asarda hayotida muammolari ko‘p bo‘lgan Keyt ismli qiz va uning hayotiga kutilmaganda kirib kelgan Tom o‘rtasidagi munosabatlar tasvirlanadi.
Keyt Rojdestvo do‘konida elf kiyimida ishlaydi, biroq ichki bo‘shliq va muvaffaqiyatsizliklar uni tobora charchatib boradi. Uning hayoti kutilmaganda Tom bilan tanishganidan so‘ng o‘zgaradi. Tom sodda, xotirjam va hayotga yengil qaraydigan inson bo‘lib, u Keytga atrofga boshqacha nigoh bilan qarashni o‘rgatadi. Ularning munosabati romantik hikoya sifatida boshlanadi, ammo film asta-sekin chuqurroq, hissiy qatlamlarga o‘tadi.
Asar davomida tomoshabin insonning o‘zini kechira bilishi, o‘tmishdagi jarohatlar bilan yashash va boshqalarga mehr ko‘rsatish kabi mavzular bilan yuzma-yuz keladi. Filmda Rojdestvo shunchaki bezak emas, balki ichki o‘zgarishlar fonida ramziy ma’no kasb etadi.
Film nafaqat romantik komediya, balki hayotga boshqacha qarash, o‘tmish bilan yarashish va o‘zini topish haqida ham. Oxiridagi kutilmagan burilish esa tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Filmni onlayn platformalarda tomosha qilish imkoni mavjud.
«Erkak chaqaloqqa qarshi» («Man vs Baby»)
Yangi yilgi komediyalarga zamonaviy, shov-shuvli hazil qo‘shadigan, shuningdek, aynan «Uyda yolg‘iz» o‘rniga mos tushadigan joriy yilning premyerasi «Erkak chaqaloqqa qarshi» («Man vs Baby») filmi bo‘ldi. Unda kattalar hayoti bilan hali hech qanday qoidalarga bo‘ysunmaydigan chaqaloq o‘rtasidagi «jang» kulgili vaziyatlar orqali ochib beriladi.
Film markazida o‘zini mustaqil va hech kimga bog‘liq emas deb hisoblaydigan erkak turadi. U hayotini tartibga solib olgandek tuyuladi, biroq kutilmaganda uning qo‘liga chaqaloq ishonib topshiriladi va shu lahzadan boshlab haqiqiy «jang» boshlanadi. Syujet oddiy vaziyatlardan tug‘ilgan kulgili sahnalarga boy: uxlamagan tunlar, tushunarsiz yig‘ilar, ovqatlantirish va oddiy ishlarning murakkab muammoga aylanishi.
Bu kartina ota-onalik, mas’uliyat va sabr haqida, ammo og‘ir falsafasiz, yengil kulgi va bayramona kayfiyat bilan tomoshabinlarga taqdim etiladi. Mazkur filmni kinoteatrlarda, shu bilan birga, onlayn platformalarda ham tomosha qilish imkoni mavjud.
Umuman olganda, Yangi yil eski filmlarni qayta ko‘rish bilan birga, yangi his-tuyg‘ularni kashf qilish uchun ham ajoyib imkon. «Uyda yolg‘iz»dan tashqari ham bayram kayfiyatini beradigan, kuldiradigan va iliqlik baxsh etadigan filmlar juda ko‘p. Eng muhimi, yoningizda yaqin insonlar va qalbingizda bayramona ruh bo‘lsa bas.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval 2025-yilning eng yaxshi filmlari e’lon qilingandi. IndieWire nashri 148 nafar kino tanqidchi ishtirokida an’anaviy so‘rov o‘tkazdi. Natijalarga ko‘ra, yilning eng yaxshi filmi deb «Jangu jadal» («One battle after another») e’tirof etildi. Ushbu film 148 tanqidchidan 101 nafari tomonidan TOP – 10 ro‘yxatiga kiritilgan, ularning 43 nafari esa filmni birinchi o‘ringa qo‘ygan.