Avto

Yangilangan Nissan Pathfinder 2026 taqdim etildi

Avtomobilning boshlang‘ich narxi $39 mingdan boshlandi
Foto: Nissan

Nissan AQSh bozorida 2026-yilgi yangilangan Nissan Pathfinder krossoverini rasman taqdim etdi. Bu haqda Motor1 xabar bermoqda.

Beshinchi avlod modeli tashqi dizayndagi kichik o‘zgarishlar va salon texnologiyalaridagi jiddiy yangilanishlar bilan chiqdi. Avtomobilning boshlang‘ich narxi $39 mingdan boshlandi. Bu o‘tgan yilgi modeldan $1,1 mingga qimmatroq.

Yangilanishlar, asosan, avtomobilning old qismiga ta’sir qilgan. Pathfinder qayta ishlangan radiator panjarasiga ega bo‘ldi. Asosiy o‘zgarishlar esa salon ichida jamlangan. Endilikda barcha komplektatsiyalarda 12,3 dyuymli katta ekranli multimedia tizimi standart tarzda o‘rnatiladi. U simsiz Apple CarPlay va Android Auto‘ni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, model Qi2 standartidagi simsiz quvvatlash bilan jihozlandi. Nissan ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizim oldingisiga nisbatan uch barobar tezroq ishlaydi. Smartfonni 10 foizdan 90 foizgacha taxminan 1,5 soatda quvvatlash mumkin. Avval bu jarayon qariyb 4 soat vaqt olgan.

Foto: Car and driver

Texnik qismda o‘zgarish yo‘q. Pathfinder 3,5 litrli V6 dvigatel bilan taklif etiladi. Uning quvvati 284 ot kuchiga teng. Dvigatel 9 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Asosiy versiyalarda old g‘ildirakdan tortish mavjud. To‘liq yuritma esa $2 ming evaziga opsiya sifatida taklif qilinadi.

Rock Creek nomli yo‘ltanlamas versiyada to‘liq yuritma standart bo‘lib, u mustahkamlangan osma, balandroq klirens va maxsus 18 dyuymli disklar bilan ajralib turadi.

Model besh xil komplektatsiyada sotuvga chiqariladi. Ular S, SV, SL, Platinum va Rock Creek variantlaridir. Eng qimmat versiya Rock Creek emas, balki Platinum bo‘lib, uning narxi $51 mingni tashkil etadi. Rock Creek esa $46,5 mingga baholangan.

Yangilangan Nissan Pathfinder 2026 avtomobillari AQShdagi dilerlik markazlariga 2026-yil boshida yetib borishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Nissan Serena minivenining restayling qilingan yangi modeli namoyish etilgani haqida yozgan edi.