
Xitoyda budjet toifasiga mansub Honor Play 10A smartfonining savdosi rasman boshlandi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Qurilmaning bazaviy versiyasi 800 yuan ($115) narxda taklif etilmoqda. Milliy subsidiya hisobga olinganda, 4/128 GB xotirali model narxi 680 yuan ($95)gacha pasayadi. Eng yuqori konfiguratsiya – 6/128 GB – 900 yuan, subsidiya bilan esa 765 yuan (mos ravishda $125 va $110) etib belgilangan.

Honor Play 10A MediaTek Dimensity 6300 5G bir kristalli tizimi asosida ishlaydi. Smartfon 6,75 dyuymli HD+ aniqlikka ega. 90 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydigan ekran bilan jihozlangan. Qurilmada 5300 mA·soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan bo‘lib, u 15 vattli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, smartfon 13 megapikselli asosiy kamera bilan ta’minlangan. Uning qalinligi 7,89 mm, og‘irligi esa 186 grammni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Honor Magic 8 seriyasini 8S, 8 Air va 8 RSR modellari bilan kengaytirilgani haqida yozgan edik.