2025-yilda Yangi yil dasturxonini bezash qancha turadi

O‘zbekistonda Yangi yil bayramini to‘kin dasturxonsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. U bir necha soatlik pishir-kuydirni, shuningdek, hamma uchun yetadigan taomlar zaxirasini anglatadi. Kursiv Uzbekistan respublikada Yangi yil uchun nima tayyorlash mumkinligi va bozorlar hamda supermarketlardagi amaldagi narxlar asosida to‘rt kishilik oila uchun (mehmonlar bilan hisoblaganda 6 – 8 kishiga mo‘ljallangan) bayram dasturxonining qancha turishini hisobladi.
Salatlarsiz Yangi yil boshlanmaydi
Olivye — hamma uchun sevimli yegulik
Yangi yil dasturxoni uchun olivye odatda ko‘proq miqdorda, ya’ni 3-3,5 kg atrofida tayyorlanadi. Uning bir qismi bayram kechasidayoq yeyilsa, qolgan qismi esa 1-yanvarga qoladi. Barcha biladigan ushbu salat uchun kartoshka va sabzi, 10 – 12 dona tuxum, qaynatilgan kolbasa yoki tovuq filesi, tuzlangan bodring, yashil no‘xat hamda mayonez kerak bo‘ladi. Bozorlar va supermarketlardagi amaldagi narxlarga ko‘ra, olivye tayyorlash xarajati 135 – 150 ming so‘mni tashkil etadi. Mahsulotlar bo‘yicha sarf-xarajatlar rasmda batafsil ko‘rsatilgan.
«Seld ostida shuba» — kechki dasturxonning klassik salati
Bu salat ham odatda kam miqdorda tayyorlanmaydi. Og‘irligi 2-2,5 kg bo‘lgan shakl uchun 1-2 dona seld balig‘i, lavlagi, kartoshka, sabzi, piyoz va mayonez kerak bo‘ladi. Xarajatlarning asosiy qismi baliqdan iborat bo‘ladi, qolgan masalliqlar esa odatdagi budjet doirasida qoladi.
Kursiv Uzbekistan hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha masalliqlar 130 – 150 ming so‘mni tashkil etadi. Salat uchun mablag‘ni zaxira uchun ham rejalashtirgan holda, yakuniy narx 140 – 160 ming so‘m atrofida bo‘ladi.
Achiq-chuchuk
Qishda ham dasturxonda pomidor va bodring bo‘lishi lozim. 6 – 8 kishilik davra uchun taxminan 2 kg sabzavot, bir bog‘ ko‘kat va o‘simlik yog‘i yetarli. Bunday salat tez tayyorlanadi va to‘yimli taomlardan keyin menyuni yengillashtiradi.
O‘rtacha narx — 90 – 110 ming so‘m. Bu summaga 1 kg pomidor, 1 kg bodring va ko‘kat kiradi. O‘simlik yog‘i esa odatda har bir uyda bor.
Salatlar uchun jami: 365 – 420 ming so‘m.
Asosiy taomlar: mehmonlar jam bo‘ladigan issiq ovqat
Pechda pishirilgan tovuq — universal variant
Yangi yil dasturxoni uchun odatda 1,8-2 kgdan ikkita tovuq olinadi. Bu kechki ovqat va qo‘shimcha uchun yetadi. Tovuq limon, ziravorlar va sabzavotlar bilan pishiriladi. Sabzavotlar kartoshka, sabzi va piyozdan iborat. Masalliqlar oddiy, ta’mi esa hammaga tushunarli bo‘lgani uchun taomni asosiy ovqat sifatida berish qulay hisoblanadi.
Xarajatlarni hisoblaymiz:
- Tovuq — 2 kg uchun 140 – 165 ming so‘m;
- Ziravorlar — 8 – 10 ming so‘m;
- Limon — 8 ming so‘m;
- Sabzavotlar — 25 – 35 ming so‘m.
Jami: 181 – 201 ming so‘m. Yaxlitlab 180 – 200 ming so‘m deymiz.
Bayram palovi — dasturxonning asosiy ovqati
Uyda salatlar ko‘p bo‘lsa ham, palov asosiy issiq taom bo‘lib qoladi. 6–8 kishilik davra uchun taxminan 1,5 kg guruch yetarli. Shuningdek 700–800 g mol go‘shti kerak bo‘ladi. Sabzi, piyoz, yog‘ va ziravorlar ham olinadi.
Xarajatlarni hisoblaymiz:
- Guruch — 1,5 kg uchun 25 ming so‘m;
- Mol go‘shti — 1 kg uchun 155 ming so‘m;
- Piyoz — 1 kg uchun 5 ming so‘m;
- Sabzi — 2 kg uchun 10 ming so‘m;
- Yog‘ — 1 litr uchun 25 ming so‘m;
- Ziravorlar — 20 ming so‘m, zira bilan birga.
Jami: 240 ming so‘m. Har ehtimolga qarshi 10 ming so‘m qo‘shamiz. Natijada palov 250 ming so‘mga tushadi.
Pechda pishirilgan baliq
Baliq ko‘pincha butunligicha olinadi. Odatda sudak yoki karp tanlanadi. Og‘irligi 2-2,5 kg bo‘ladi. U limon, sabzavotlar va kam miqdordagi ziravorlar bilan pishiriladi. Bu taom go‘shtli menyuni yengillashtiradi. Bayram dasturxonida chiroyli ko‘rinadi.
Sudak yoki karp 2-2,5 kg uchun 210 ming so‘m turadi. Kattaroqlari 240 ming so‘mdan boshlanadi. Ziravorlar 20 ming so‘m bo‘ladi. Limon ko‘proq olinadi – 20 ming so‘m. Sabzavotlar – 40 ming so‘m.
Jami: 290 – 320 ming so‘m.
Meva va gazaklar: tonggacha dasturxonda qoladigan taomlar
Yangi yil uchun mevalar
Yangi yilga mevalar bayram kechasi va 1-yanvar uchun mo‘ljallab olinadi. Odatda to‘plamga mandarin, olma, banan, kivi va mevalar qiroli – ananas kiradi.
Bananlar bir bog‘lam olinadi. Ular tez tugaydi, ayniqsa bolalar orasida. Qolaversa, banan narxi ancha arzonlashgan — 1 kg uchun atigi 17,5 ming so‘m.
Yirik mandarinlarning 1 kg narxi 45 ming so‘m, 2 kg olinadi. Olmaning 1 kg narxi 40 ming so‘m, kiviniki esa 30 ming so‘m.
Mevalar: 265 ming so‘m.
Pishloqli assorti
Gazaklar oddiy va hammaga tushunarli mahsulotlardan tayyorlanadi. Pishloq likopchasi odatda ikki yoki uch turdagi pishloqdan iborat bo‘ladi. Qattiq, yarim qattiq va eritilgan yoki sho‘r pishloq tanlanadi. O‘rtacha hisobda 0,5 kg har qanday pishloq 50 ming so‘m turadi.
Pishloqqa grek yong‘og‘i va pista qo‘shiladi. Ularning 1 kg narxi mos ravishda 60 ming va 100 ming so‘m.
Dasturxonda non bo‘lishi shart. Oq va qora nonning har biri 15 ming so‘m turadi. Baget 10 ming so‘m. Lavash 300 g uchun 10 ming so‘m bo‘lib, bu miqdor yetarli bo‘ladi.
Bunday gazak dasturxonni og‘irlashtirmaydi, lekin mehmonlar suhbatlashib, issiq ovqatni kutayotgan paytda juda qulay bo‘ladi.
Gazaklar: 360 ming so‘m.
Mevalar va gazaklar uchun jami: 625 ming so‘m.
Ichimlik va shirinliklar: qadah so‘zlari orasida tanaffuslar
Ichimliklar
Oila va mehmonlar uchun odatda sharbatlar, gazli ichimliklar hamda gazli va gazsiz mineral suv olinadi. Choy hisobga olinmaydi, u har bir uyda bor.
Nimalarni olish mumkin:
- ikki dona Coca Cola 1,5 litr — 30 ming so‘m;
- ikki dona Fanta 1,5 litr — 30 ming so‘m;
- ikki dona «Sochnaya dolina» 1 litr — 30 ming so‘m;
- gazli va gazsiz mineral suv — 10 ming so‘m.
Ichimliklar: 100 ming so‘m.
Shirinliklar
Shirinliklar dasturxonga desertni kutmasdan, oldindan qo‘yiladi. Bular konfet, pishiriq va vaflilardan iborat bo‘ladi. Shirinliklar asta-sekin tugaydi. Bir qismi suhbat paytida, qolgan qismi choy bilan yeyiladi. Odatda tanlash imkoniyati bo‘lishi uchun bir nechta turdan kichik qadoqlar olinadi.
«Yarche» yoki «Chio Rio» kabi shokoladli konfetlarning 1 kg narxi o‘rtacha 50 ming so‘m. Yangi yil kechasida shirinlikni ayamaslik kerak, chunki bu yiliga bir marta bo‘ladi. 3 kg konfet 150 ming so‘m turadi. Qo‘shimcha ravishda 1,5 kg pishiriq 120 ming so‘m, vaflilar esa 30 ming so‘mga tushadi.
Shirinliklar: 300 ming so‘m.
Tort — kechaning yakuniy nuqtasi
Tort ko‘pincha qandolatxonadan olinadi. Barcha mehmonlarga yetishi uchun og‘irligi taxminan 2 kg bo‘ladi. Uni kechaning oxiriga yaqin, dasturxon biroz bo‘shagach olib chiqishadi.
Uy sharoitida pishirilgan tort ham, sifatli mahsulotlar hisobga olinsa, deyarli shu narxga tushadi.
Tort: 220 – 280 ming so‘m.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda Navroʻz dasturxoni uchun qancha xarajat ketishi haqida yozgandi.