2026-yilda to‘qimachilik sanoati eksporti 3,3 milliard dollarga yetkaziladi

Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik sanoatining 2025-yil yakunlari va 2026-yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Taqdimotda joriy yilda tarmoqda erishilgan natijalar hamda kelgusi yilga mo‘ljallangan asosiy maqsadlar ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, 2025-yilda to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish hajmi 134 trln so‘mni tashkil etdi. Xorijiy investitsiyalar $2,1 mlrdga, eksport hajmi esa $2,5 mlrdga yetdi. Tarmoqda band bo‘lganlar soni 623 ming nafarga yetgani, 2026-yilda uni 650 ming nafargacha oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
2026-yilda ishlab chiqarish hajmini 147 trln so‘mga, eksportni $3,3 mlrdga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, $2,2 mlrd xorijiy investitsiya jalb etish ko‘zda tutilib, buning hisobidan ip-kalava, gazlama, tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va mato bo‘yash bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi.
Tarmoq rivojiga salbiy ta’sir qilayotgan omillar sifatida paxta tolasiga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanayotgani, moliyaviy resurslar qimmatligi, logistika xarajatlarining oshishi va ayrim yo‘nalishlarda malakali kadrlar yetishmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun 2026-yilda korxonalarga $200 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratish, 138 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish va 100 ta yangi korxonani eksport faoliyatiga jalb etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda xorijiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgan edi.