Yangiliklar

2035-yilda bitiruvchilar koinotda yuqori maoshli ishlarda faoliyat yuritadi — Sem Altman

OpenAI rahbarining fikricha, hozirgi zerikarli kasblar o‘rnini koinotni tadqiq qilish egallaydi
Foto: Fortune

OpenAI bosh direktori Sem Altman kelgusi 10 yil ichida oliy o‘quv yurti bitiruvchilari koinotda butunlay yangi, qiziqarli va yuqori maoshli ishlarda ishlashini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2035-yilda yoshlar Quyosh tizimini tadqiq qilish missiyalarida qatnashishi mumkin. Altman jurnalist Kleo Abramga bergan intervyusida Z avlodi va bo‘lajak bitiruvchilarga havas qilishini, chunki bugungi kungi ishlar kelajakdagi imkoniyatlar oldida zerikarli ko‘rinishini ta’kidladi. Garchi koinotni o‘rganish ko‘lami qanchalik kengayishi noma’lum bo‘lsa-da, AQSh Mehnat statistikasi byurosiga ko‘ra, aerokosmik muhandislik sohasi boshqa kasblarga qaraganda tezroq o‘smoqda va o‘rtacha yillik maosh $130 mingdan oshadi.

Foto: NPR

Boshqa texnologiya yetakchilari ham mehnat bozoridagi o‘zgarishlar haqida o‘z prognozlarini berishgan. Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt (SI) tufayli ish haftasi 2–3 kunga qisqarishi mumkinligini aytgan bo‘lsa, Nvidia rahbari Jensen Xuang SI xodimlarga g‘ayritabiiy qobiliyatlarni berayotganini qayd etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenAI Neptune startapini sotib olgani haqida xabar bergan edi.