
Mutaxassislar BMW tarixidagi eng ishonchli va uzoq xizmat qiladigan avtomobillar reytingini tuzdi. Quyida yillar davomida o‘zini oqlagan, mustahkamligi bilan mashhur bo‘lgan BMW modellari keltiriladi.
BMW 5-seriya (E12, 1973 – 1981)

Ushbu model afsonaviy M30 qatorli olti silindrli dvigatel bilan jihozlangan. Ayniqsa, M30B28 versiyasi mashhur bo‘lib, ko‘plab avtomobillar 500 ming kilometrgacha muammosiz yurgani bilan tanilgan.
BMW 5-seriya (E28, 1982 – 1985)

E28 seriyasi oddiy va ishonchli M20 dvigateli bilan ajralib turadi. M20B27 dvigateli muntazam texnik xizmat ko‘rsatilsa, deyarli yarim million kilometr masofani bosib o‘ta oladi.
BMW 3-seriya (E30, 1988 – 1991)

Murakkab elektronika yo‘qligi va mustahkam tuzilmasi bilan mashhur. M20 dvigatelli ushbu model ham uzoq masofalarni ishonch bilan bosib o‘tishi bilan qadrlanadi.
BMW 3-seriya (1994-yil)

M50B25 dvigateli tufayli yuqori ishonchlilikka ega. Kuchli va sodda tuzilma nosozliklar xavfini kamaytiradi.
BMW 3-seriya (E46, 1999 – 2006)

Haydash qulayligi va kundalik foydalanishdagi barqarorligi bilan mashhur. Uzoq yillar davomida yuqori obro‘-e’tiborini saqlab kelgan.
BMW Z4 (E85, 2003 – 2008)

Sport dizayni va sifatli yig‘ilish bilan ajralib turadi. Sovitish tizimida mayda muammolar bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, umumiy ishonchliligi yuqori baholanadi.
BMW 1-seriya (128i, 2008 – 2013)

N52 dvigateli bilan jihozlangan ushbu model chidamliligi va yaxshi quvvat ko‘rsatkichlari bilan avtomobil ishqibozlari orasida mashhur.
BMW 3-seriya (F30, 2016)

Zamonaviy muhandislik va sifatli yig‘ilish namunasi. Dvigatellari barqaror ishlashi va uzoq xizmat muddati bilan ajralib turadi.
BMW X5 (F15, 2016 – 2018)

JD Power tadqiqotlariga ko‘ra, ushbu model yuqori ishonchlilik ko‘rsatkichlariga ega (80 – 84 ball). Mustahkam osma tizimi va sinovdan o‘tgan dvigatellari bilan e’tirof etilgan.
BMW 3-seriya (G20, 2020 – 2022)

Yangi avlod G20 modeli ham yuqori baholangan (84 ball). 330i va M340i versiyalari kuchli va ishonchli zamonaviy dvigatellari bilan ajralib turadi.
Ushbu BMW modellari vaqt sinovidan o‘tgan bo‘lib, bugungi kunda ham ishonchli avtomobil izlayotganlar uchun yaxshi tanlov hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish kamaygani, BYD esa keskin oshgani haqida xabar berilgandi. Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish 2025-yilning yanvar – noyabr oylarida o‘tgan yildagiga nisbatan 1,1 foizga kamaydi. Ya’ni bir yil avvalgi 149,8 ming donaga nisbatan 148,1 ming donani tashkil etdi. BYD esa 2,2 mingtadan 17,5 mingtagacha o‘sdi.