Avto

Chevrolet Damas modellari bir-biridan qanday farq qiladi

Model yil boshidan buyon eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingida ikkinchi o‘rinni egalladi
Chevrolet Damas modellari bir biridan qanday farq qiladi
Foto: Chevrolet / Rasm ChatGPT yordamida sayqallangan

Damas – O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan ixcham tijorat avtomobili bo‘lib, u kichik biznes, xizmat ko‘rsatish sohasi va kundalik ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan. Model yil boshidan buyon eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingida ikkinchi o‘rinni (97,7 ming dona) egalladi. Maqolada Chevrolet Damas modellari bir-biridan qanday farq qiladi degan savolga javob beriladi.

Maqolada quyidagilarni bilib olasiz:

Model haqida umumiy ma’lumot;

Damas’ning yo‘lovchi versiyasi haqida;

D11 Style (Van) qanday ustunlikka ega;

Narxlar va versiyalarning farqlari.

Umumiy ma’lumot

Barcha Damas modellarida 0,8 litrli F8CB dvigateli o‘rnatilgan. U 38 ot kuchiga ega va 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Avtomobil orqa g‘ildirakdan tortuvchi tizimga ega. Yo‘ldan balandligi 160 mm bo‘lib, notekis yo‘llardan o‘tish imkonini beradi. Yonilg‘i bakining sig‘imi 37 litrni tashkil etadi. Shahar sharoitida o‘rtacha yonilg‘i sarfi 6,5 – 9,3 litr atrofida.

Foto: «Avtomobil goda»

Asosiy modellar ro‘yxati

Hozirda Chevrolet Damas quyidagi modifikatsiyalarda taklif etiladi:

  • D2 Style Plus (Deluxe)
  • D11 Style (Van)
  • D3 Style (Combi)
  • D13 (Ambulance)

Ularning asosiy farqi salon konfiguratsiyasi, qulaylik darajasi va foydalanish yo‘nalishida namoyon bo‘ladi.

D2 Style Plus (Deluxe)

Foto: OlX

D2 Style Plus – eng qulay va yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan versiya. Ushbu model 7 nafar yo‘lovchini tashish imkonini beradi. Old faralar balandligini sozlash funksiyasi mavjud. Orqa oynalar qoraytirilgan. Old va orqa o‘rindiqlar xavfsizlik kamarlarida kuchlanishni sozlovchi mexanizmlar bilan jihozlangan. Salonida radio va USB tizimi, shuningdek isitish moslamasi o‘rnatilgan. Bu versiya, asosan, shaharda xizmat safari, oilaviy foydalanish yoki kichik guruhlarni tashish uchun qulay hisoblanadi.

D11 Style (Van)

Foto: OLX

D11 Style Van yuk tashishga yo‘naltirilgan eng oddiy konfiguratsiyalardan biridir. Unda ikki qator o‘rindiq mavjud bo‘lib, 5 kishi o‘tirishi mumkin. Orqa qism to‘liq yukxona sifatida ajratilgan. Furgon kuzovi tufayli u 560 kg gacha yuk tashish imkonini beradi. Radio va isitish tizimi saqlangan. Mazkur model kichik biznes, savdo, tezkor yetkazib berish va bozor faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar uchun maqbul tanlovdir.

D3 Style (Combi)

Foto: OLX

D3 Style – yo‘lovchi va yuk tashishni birlashtirgan «kombi» versiya hisoblanadi. Unda ham ikki qator o‘rindiq bo‘lib, 5 kishi o‘tirishi mumkin, orqa qismi esa keng yukxona bilan jihozlangan. Ushbu modelda isitish tizimi, radio va USB, plastik g‘ildirak disklar va dekorativ yon stiklar mavjud.

D3 Style kichik korxonalar va kuryerlik xizmati uchun qulay bo‘lib, xodimlarni va tovarlarni bir vaqtning o‘zida tashish imkonini beradi.

D13 (Ambulance)

Foto: Ijtimoiy tarmoq

D13 Ambulance – tez tibbiy yordam uchun maxsus ishlab chiqilgan modifikatsiya. Unda faqat oldingi ikki o‘rindiq – haydovchi va tibbiyot xodimi uchun joy mavjud. Orqa qismi bemorni tashish va zarur tibbiy jihozlarni joylashtirishga moslashtirilgan. Texnik jihatdan u ham 0,8 litrli F8CB dvigateli bilan jihozlangan va favqulodda vaziyatlarda ishonchli ishlashga mo‘ljallangan. Bu model, asosan, tibbiy xizmat va shoshilinch yordam tizimlarida qo‘llanadi.

Narxlar va farqlar

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, modellar orasida narx farqi mavjud. Eng arzon versiya D13 Ambulance bo‘lib, uning boshlang‘ich narxi taxminan 92,9 mln so‘mni tashkil etadi. Eng qimmat variant esa qo‘shimcha qulayliklarga ega D2 Style Plus bo‘lib, u 96,9 mln so‘m atrofida baholanadi. Narxdagi farq asosan salon jihozlari va qulaylik darajasi bilan izohlanadi.

Taqqoslash jadvali:

Model (komplektatsiya)Narxi (so‘m)O‘rindiqlar soniYuk sig‘imi (taxminan)
D2 Style Plus (Deluxe)96 932 0007 nafar (2+3+2)450 kg
D11 Style (Van)93 156 0002 nafar560 kg
D3 Style (Combi)96 449 0005 nafar (2+3)450 kg
D13 (Ambulance)92 909 0002 nafarTibbiyot uchun

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Cobalt avtomobilini sotib olish uchun 5 asosiy sabab haqida yozgan edi.