Yangiliklar

Toshkent metrosining 48 ta bekatida kaft orqali to‘lov tizimi joriy etildi

Undan o‘rtacha 30 – 40 ming kishi foydalanib kelmoqda
Toshkent metrosining 48 ta bekatida kaft orqali to‘lov tizimi joriy etilgan / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Poytaxt metrosining 48 ta bekatida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda Toshkent metropoliteni matbuot kotibi Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, shahar metrosida jami 50 ta bekat mavjud bo‘lib, ulardan 48 tasida kaft orqali to‘lovni amalga oshirish imkonini beruvchi qurilmalar o‘rnatilgan. Shuningdek, 29 ta bekatda yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tishi uchun maxsus qurilmalar mavjud.

Hozirgi vaqtda ushbu innovatsion tizimdan umumiy yo‘lovchilarning o‘rtacha 3-4 foizi, ya’ni 30 – 40 ming kishi foydalanib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent metrosiga 2026-yilda 56 ta yangi vagon xarid qilinishi haqida xabar bergan edik.